Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalining tantanali ochilish marosimidagi nutqi

Hurmatli festival ishtirokchilari!
 
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, sizlarni soʻlim va maftunkor Fargʻona vodiysida, qadimiy va goʻzal Qoʻqon shahrida qutlashdan bagʻoyat mamnunman.
Barchangizni YUNESKO rahnamoligida oʻtkazilayotgan birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Fursatdan foydalanib, Jahon hunarmandlar kengashi prezidenti, hurmatli Rozi Grinlis xonimga anjumanimizda shaxsan ishtirok etayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirishga ruxsat etgaysiz.
Festivalimizga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi madaniyat vaziri Vladimir Medinskiyni, Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Aqtoʻti Raimqulovani, Turkmaniston madaniyat vaziri Atageldi Shamuradovni, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Shamsiddin Oʻrumbekzodani, Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Abulfas Garayevni, Qirgʻiziston Respublikasi madaniyat, axborot va turizm vaziri Azamat Jamanqulovni, Belarus Respublikasi madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Natalya Karchevskayani, Armaniston Respublikasi taʼlim, fan, madaniyat va sport vazirining oʻrinbosari Narina Xachaturyanni chin dildan qutlaymiz.
Bundan tashqari, Xitoy sanʼat va hunarmandchilik uyushmasi prezidenti Xu Nianshaga, Hindistonning Xaryana shtati turizm vaziri oʻrinbosari Vijay Vardxanga, Malayziya xalq amaliy sanʼatini rivojlantirish korporatsiyasi bosh direktori Enchik Ibragim bin Ismoilga, shuningdek, YUNESKOning yuqori martabali vakillari hamda Jahon hunarmandlar kengashining Osiyo-Tinch okeani, Amerika va Afrika mintaqalari boʻyicha rahbarlariga samimiy minnatdorlik bildiramiz.
Davramizda xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi muhtaram elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini koʻrib turganimizdan xursandmiz.
Festivalimizda dunyoning 78 ta davlatidan 370 dan ziyod mohir hunarmand, taniqli madaniyat arboblari, sanʼatshunos olimlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Barchangizni chin yurakdan qutlab, Oʻzbekistonga, ushbu anjumanga boʻlgan katta hurmat va eʼtiboringiz uchun tashakkur izhor etaman.
Hurmatli festival ishtirokchilari!
Maʼlumki, umumbashariy madaniyatning ajralmas qismi boʻlgan xalq amaliy sanʼati dunyodagi har bir xalq hayotida, uning turmush tarzi va qadriyatlari rivojida alohida oʻrin tutadi.
Insoniyatning ongli hayotida hunarmandchilikning paydo boʻlishi – bu sivilizatsiya sari tashlangan eng muhim tarixiy qadam, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Bashariyat faxri boʻlgan buyuk shaharlar, meʼmoriy obidalar, tarixiy va arxeologik yodgorliklar, minglab muzeylardagi nodir eksponatlar bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Hammamizga ayonki, xalq amaliy sanʼati – bu avvalo, tabiat bilan uygʻun boʻlib, tabiatdan zavq va ilhom olib, betakror ijod namunasini yaratishdir.
Oʻzingiz tasavvur qiling, oddiy qora tuproqdan, bir boʻlak temir yoki yogʻoch parchasidan noyob va goʻzal buyumlar yaratish, taʼbir joiz boʻlsa, ularga “jonu til” bagʻishlash uchun hunarmandga nafaqat mashaqqatli qoʻl mehnati, balki qalb harorati kerak. Nozik did va mahorat, sabr-toqat, eng muhimi, oʻz kasbiga cheksiz mehr va sadoqat, fidoyilik kerak.
Shu bilan birga, chinakam hunar sohibi – u kulol boʻladimi, kandakor yoki toʻquvchi boʻladimi, naqqosh yoki zargar boʻladimi – oʻz ishini aʼlo darajada bajarish uchun juda koʻp ilmlardan, avvalo, kimyo, biologiya, tibbiyot, fizika, geometriya, astronomiya, tarix, falsafa kabi fanlardan xabardor boʻlishi, ularni amalda qoʻllay bilishi zarur.
Shu borada birgina misol keltirmoqchiman.
Butun dunyoga mashhur boʻlgan milliy kashtachilik sanʼatimiz, qadimiy soʻzanalarimizdagi sirli, moʻjizali, ilohiy naqshlar, ranglar jilosi zamirida falakiyot ilmi, kosmogonik tasavvurlar mujassam ekani har qanday odamni ham hayratga soladi.
Xalqimiz azaldan oʻz kasbining chinakam fidoyisi boʻlgan mohir hunarmandlarni “usta” va “ustazoda” degan nomlar bilan ulugʻlab, eʼzozlab keladi.
Shu oʻrinda buyuk mutafakkir Bahouddin Naqshband bobomizning “Hunar shunday tulporki, unga mingan kishi albatta hurmat-eʼtibor topgay va saodat manziliga yetgay”, degan hikmatli soʻzlarini eslab oʻtishni joiz, deb bilaman.
Kelgusi yili tavalludining 700-yilligi nishonlanadigan bu tabarruk zot nafaqat aziz-avliyo, avvalo, oʻzlari ham yetuk hunarmand, ahli hunarning piri boʻlganlar. Bu ulugʻ siymoning “Diling – Ollohda, qoʻling – mehnatda boʻlsin” degan ezgu daʼvatiga amal qilib, yurtimizdagi ming-ming hunarmandlar oʻzlarining mashaqqatli, halol mehnati, insoniy fazilatlari bilan xalqimizga, yoshlarimizga ibrat va namuna boʻlib kelmoqdalar.
Ayni vaqtda bugungi globallashuv va yuksak texnologiyalar asrida xalq amaliy sanʼatiga shunchaki oʻtmish yodgorligi sifatida bepisand qarash holatlari ham, afsuski, uchrab turibdi. Agar bu nodir sanʼatni davlat va jamiyat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlamas ekanmiz, ertaga kech boʻladi – hunarmandlik sohasi bugungi davrning keskin raqobatiga bardosh berolmaydi.
Shu maʼnoda, jahon xalq amaliy sanʼatini asrab-avaylash va rivojlantirish, bu bebaho boylikni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, bu yoʻldagi saʼy-harakat va imkoniyatlarimizni birlashtirishda mana shunday xalqaro anjumanlarning oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.
Oʻzbekistonda hunarmandlar mehnatini qadrlash, ularning samarali faoliyat yuritishlari uchun tegishli huquqiy asos, imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilmoqda. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan, oʻz saflarida minglab ustalarni birlashtirgan “Hunarmand” uyushmasi faoliyat koʻrsatmoqda.
Buxorolik mashhur zardoʻz Muyassar Temirova, samarqandlik taʼmirchi usta Mirumar Asadov, fargʻonalik yogʻoch oʻymakori Abdugʻani Abdullayev kabi yurtdoshlarimiz mamlakatimizning eng oliy mukofoti – Oʻzbekiston Qahramoni unvoniga sazovor boʻlgani ushbu soha vakillarining sharafli mehnatiga yuksak eʼtibor ifodasidir.
Biz farzandlarimizni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning zamonaviy bilimlar bilan birga, xalq amaliy sanʼati sirlarini ham puxta egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratib bermoqdamiz. Respublikamiz poytaxti va joylarda ushbu yoʻnalishda oʻnlab festival va yarmarkalar, savdo koʻrgazmalari, koʻrik-tanlovlar oʻtkazilmoqda, yoshlar uchun hunarmandchilik maktablari tashkil etilmoqda. Eng muhimi, bu soha vakillari mamlakatimizda yangi ish oʻrinlari yaratish, yoshlarni ijtimoiy mehnatga jalb etish, turizmni rivojlantirishga katta hissa qoʻshmoqda.
Biz tariximiz, milliy oʻzligimiz timsoli boʻlgan, qadimiy va boy anʼanalarga ega hunarmandchilik sohasini rivojlantirishga yanada katta eʼtibor beramiz. Bu borada mazkur xalqaro festival davomida oʻrtaga tashlanadigan amaliy fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar, hech shubhasiz, muhim ahamiyat kasb etadi.
Qadrli doʻstlar!
Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivali uchun aynan Qoʻqon shahri tanlangani albatta, bejiz emas. Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan bu qadimiy shahar haqli ravishda “oltin vodiy” deb nom olgan goʻzal Fargʻona vodiysining gavharidir.
Ikki ming yillik shonli tarixga, soʻlim tabiatga ega, qancha-qancha buyuk voqealarga guvoh boʻlgan Hoʻqandi latif milliy davlatchilik, ilmu hunar, sanʼat va adabiyot ravnaqining yorqin timsolidir.
Koʻhna Fargʻona zamini jahon ilm-fani va madaniyatiga Ahmad Fargʻoniy, Burhonuddin Margʻinoniy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Amiriy va Nodirabegim, Jahon otin Uvaysiy, Mavlono Muqimiy, Zokirjon Furqat kabi oʻnlab mutafakkir zotlarni, ulugʻ shoir va adiblarni, Qodirjon Haydarov singari mashhur hunar ustalarini yetkazib bergani bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Birgina mana shu Fargʻona viloyatining oʻzida milliy hunarmandchilikning qanday mashhur brendlari bor. Bu haqda gapirganda, Margʻilonning kamalakdek tovlanadigan mashhur atlas va adraslarini, Rishtonning betakror kulolchilik sanʼatini, Qoʻqonning yogʻoch oʻymakorligi va naqqoshlik maktablarini, oʻylaymanki, ortiqcha taʼriflab oʻtirishning hojati yoʻq.
Bugungi kunda butun yurtimiz, butun Fargʻona viloyati kabi Qoʻqon shahri, uning qiyofasi ham tubdan oʻzgarib, har tomonlama obod boʻlib, mamlakatimizning yirik iqtisodiy va madaniy markazlaridan biriga aylanmoqda.
Xabaringiz bor, ushbu festival arafasida shahar hayotida yana bir muhim voqea yuz berdi. Jahon hunarmandlar kengashi tomonidan Qoʻqon shahriga “Jahon hunarmandlari shahri” degan yuksak unvon berildi. Yaʼni, Qoʻqon shahri dunyo hunarmandchilik xaritasida ham munosib va mustahkam oʻrin egalladi.
Qoʻqon shahri Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida birinchi boʻlib ushbu roʻyxatga kiritilganini biz mamlakatimizda xalq amaliy sanʼatini rivojlantirishga qaratilgan ishlarimizga xalqaro miqyosda berilgan katta baho, deb qabul qilamiz.
Kuni kecha Jahon hunarmandlar kengashining Osiyo – Tinch okeani mintaqasi prezidenti Gada Hijobiy Qaddumiy xonim Qoʻqon shahriga ana shu guvohnomani tantanali ravishda topshirdi.
Mana shu quvonchli ayyomda muhtaram Qoʻqon ahlini, butun Oʻzbekiston hunarmandlarini ana shunday yuksak eʼtirof bilan chin dildan tabriklayman.
Bunday ulkan eʼtibor uchun Jahon hunarmandlar kengashi va uning prezidenti, hurmatli Rozi Grinlis xonimga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.
Muhtaram yurtdoshlar!
Aziz mehmonlar!
Ushbu xalqaro festival nafaqat koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi, balki jahon hunarmandlari, butun dunyo ustalarining katta bayrami, desak, toʻgʻri boʻladi.
Bu – olis tarix va bugungi zamon nafasini, turli qadriyat va anʼanalarni oʻzida yaqqol namoyon etadigan, mushtarak dillarni birlashtiradigan chinakam doʻstlik va hamkorlik anjumanidir.
Aminmanki, dunyoda tinchlik va hamjihatlikni, goʻzallik va nafosatni targʻib etadigan bu festival jahon maydonida albatta oʻzining munosib oʻrnini topadi.
Barchangizni mehmondoʻst va saxovatli Oʻzbekiston zaminida yana bir bor chin yurakdan qutlayman.
Ushbu anjumanni yuksak saviyada oʻtkazish uchun sidqidildan xizmat qilgan barcha yurtdoshlarimizga, mehnatkash, oqkoʻngil, bagʻrikeng Fargʻona eliga, Qoʻqon ahliga samimiy tashakkur bildiraman.
Festivalning barcha qatnashchilariga, muhtaram mehmonlarimizga sihat-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar tilayman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.

 

OʻzA