Unga koʻra, 2019-yilning 1-avgustidan yurtimiz hududida eng kam ish haqi –oyiga 223 000 soʻm etib belgilandi. Ungacha esa eng kam ish haqi miqdori – oyiga 202 730 soʻm boʻlgan. Bunda bolalar uchun toʻlanadigan aliment miqdori qanday boʻladi? Bu oʻzgarishlarning mazkur toʻlovga taʼsiri qanday? Mazkur savollarga Adliya vazirligi masʼul xodimi Farrux Joʻrayev shunday javob berdi:
– Oila kodeksining 99-moddasiga muvofiq, ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga toʻlaydigan aliment miqdori belgilangan, – deydi F.Joʻrayev. – Agar voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish haqida ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, ularning taʼminoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — toʻrtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi.
Shuningdek, har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining yetmish besh foizidan kam boʻlmasligi kerak. Yaʼni, 2019-yilning 1-avgustidan boshlab 167 250 soʻmdan kam boʻlmasligi kerak.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 144-moddasiga muvofiq, sudning hal qiluv qaroriga asosan pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada undirilayotgan alimentlarni indeksatsiya qilish alimentlar ushlab qolinayotgan joyda qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam oylik ish haqiga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.
Endi ish haqi oshirilsa, aliment miqdori oshadimi degan savolga toʻxtaladigan boʻlsak, oʻrtacha hisobda otaning ish haqi boshqa daromadlarsiz 2019-yilning 1-avgustigacha 1 000 000 soʻm deb olsak, 1-avgustdan boshlab 10 % oshirilsa, otaning ish haqi 1 100 000 soʻm boʻladi.
2019-yilning 1-avgustigacha ota bir bola uchun toʻrtdan bir qismi, yaʼni 250 000 soʻm aliment toʻlaydi. Ikki bola uchun — uchdan bir qismi, yaʼni 333 333 soʻm. Uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi, yaʼni 500 000 soʻm miqdorda aliment toʻlaydi.
2019-yil 1-avgustdan boshlab eng kam ish haqi miqdori 10% ga oshirilishi hisobiga otaning ish haqi 1 100 000 soʻmni tashkil etdi. Shundan kelib chiqib, ota bir bola uchun toʻrtdan bir qismi, yaʼni 275 000 soʻm. Ikki bola uchun — uchdan bir qismi, yaʼni 366 667 soʻm. Uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi, yaʼni 550 000 soʻm miqdorda undiriladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2019-yil 1-avgustgacha va 1-avgustdan keyingi holatdagi eng kam ish haqi miqdorlari hamda aliment miqdorlarini solishtiradigan boʻlsak, agar eng kam ish haqi miqdori 10% ga oshirilsa, oʻz-oʻzidan aliment miqdori ham mutanosib ravishda 10% ga oshishiga olib kelishini koʻrishimiz mumkin.
Shuningdek, byudjet muassasalari va tashkilotlari boʻlmagan tashkilot va korxonalar yoki xususiy sektorlar xodimlarining ish haqi oshirilishi aliment miqdorining oʻzgarishiga olib kelmasligi mumkin. Negaki, mazkur xodimlarning ish haqi oshirilishi alohida tartibda amalga oshiriladi.