Institutga 30 yoshdan oshmaganlar qabul qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda institutda o‘quv va qayta tayyorlash kurslariga qabul jarayonlari hamda ushbu kurslarni bitirgan yosh rahbarlarning bugungi kundagi faoliyati, amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot va o‘rganishlar, shuningdek, yosh rahbar kadrlar uchun nashr qilingan maxsus o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar haqida ma’lumot berildi.
Institutga qabul qilinadigan abiturientlar 30 yoshdan oshmagan, O‘zbekiston fuqaroligiga ega, oliy ma’lumotli, oliy ta’lim muassasasini tugatgandan keyin ikki yillik ish stajiga ega, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki jamoat tashkilotlarida ishlayotgan bo‘lishi lozim.
photo5208422813575260959.jpg
Reyting bo‘yicha eng yuqori ball olgan 60 nafar nomzod qayta tayyorlash kurslariga qabul qilinadi. O‘qish davrida tinglovchilarning ish joyi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.
– O‘quv va uslubiy yo‘nalishdagi 4 oylik qayta tayyorlash o‘quv kurslarida 162 nafar, 1 oylik malaka oshirish o‘quv kurslarida 457 nafar tinglovchi hamda joylarda o‘tkazilgan o‘quv-seminarlarda jami 25 ming 241 nafar tinglovchi – boshlang‘ich tashkilot yetakchilari tahsil olgan, – deydi institut o‘quv bo‘limi boshlig‘i Sarvar Saidov. –Shuningdek, yosh kadrlarning kasbiy rivojlanishiga doir 15 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma tayyorlanib, nashr etildi. 2018 yilda sotsiologiya, psixologiya, siyosatshunoslik va iqtisod yo‘nalishlarida tayanch doktorantura tashkil etilib, unga 18 nafar tadqiqotchi qabul qilingan.
Tadbirda xorij tajribasini o‘rganish, tajriba almashish maqsadida Rossiya, Turkiya, Xitoy kabi mamlakatlardagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan o‘rnatilgan hamkorlik hamda kelajakda amalga oshirilishi kutilayotgan akademik almashinuv yuzasidan ham fikr almashildi.

 

G.BOBOEVA, O‘zA