Sh A R H
2019 yil 19 martda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navroʻz umumxalq bayrami arafasida xalqimizga xos ezgulik, bagʻrikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli boʻlish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 44 nafar fuqaro afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 7 nafari jazodan toʻliq ozod qilinadi, 11 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 12 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi, bir soʻz bilan aytganda, 30 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan oʻz oilalari bagʻriga qaytariladi. Shuningdek, 13 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi va 1 nafar shaxs qoʻshimcha jazodan ozod qilindi.
Afv etilganlarning 2 nafarini 60 yoshdan oshganlar, 5 nafarini ayollar, shuningdek, 23 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan fuqarolar tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

 

OʻzA