Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Oybek Norinboyev va vazirning maslahatchisi Karsten Xayns Estoniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Arti Xilpusni qabul qildi.
Elchi Oʻzbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning yangi qirralari ochilayotgani, uni yanada mustahkamlash, xususan, innovatsiya sohasida keng koʻlamli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun barcha imkoniyat mavjudligini taʼkidladi.
Oʻtgan yil oktabr oyida oʻtkazilgan “Innoweek” innovatsion haftaligida Estoniya delegatsiyasi ishtirok etib, ikki tomonlama qator memorandumlar imzolangani sohadagi hamkorlikning boshlanishi boʻlgani qayd etildi.
O.Norinboyev mamlakatimizda koʻplab yoʻnalishlarda innovatsiyalarni joriy etish boʻyicha amaliy ishlar qilinayotganini taʼkidladi. Vazir maslahatchisi Karsten Xayns oʻzini Oʻzbekistondagi kadrlar siyosati “innovatsiyasi”, yaʼni germaniyalik amaldorning xorijiy mamlakatda yuqori lovozimni egallagan mansabdor ekanini qayd etdi.
Estoniya elchisi oʻz mamlakatida yaratilgan va bugungi kunda Finlyandiya, Ukraina, Qozogʻiston kabi koʻplab davlatlarda joriy qilingan elektron hukumat va elektron tibbiyotni Oʻzbekistonga ham tatbiq etish boʻyicha hamkorlik qilish niyatida ekanini bildirdi.
– Estoniyada faqat onlayn turmush qurish va ajralish mumkin emas, qolgan barcha hujjatlarni elektron toʻldirib, tegishli idoralarga joʻnatish mumkin, – dedi Arti Xilpus. – Soliq tizimidagi ayrim imtiyozlardan foydalanish uchun soliq deklaratsiyasini oʻz vaqtida toʻldirish talab etilsa, shifokorlar yozib beradigan dorilar roʻyxati va kasallik varaqalarining toʻliq elektron shaklga oʻtkazilgani bir-biriga zid yoki bemorga man etilgan dori vositalarining buyurilishi ehtimolini avtomatik tarzda yoʻq qiladi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda elektron hukumatni joriy etish boʻyicha qator ishlar qilingani, ammo uni takomillashtirish boʻyicha estoniyaliklarning tajribasini oʻrganish muhimligi qayd etildi.
Elchi vazirlik vakillarini shu yil 20-21 may kunlari Tallinda oʻtadigan konferensiyada ishtirok etish uchun taklif etdi.
OʻzA