Rekordchi “Paxtakor” bugun Eronda oʻynaydi

Bugun mamlakatimiz vitse-chempioni Toshkentning “Paxtakor” klubi Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichidagi ishtirokini boshlaydi.
“Sherlar” Eronda mahalliy “Persepolis” jamoasi bilan kuch sinashadi. Mazkur uchrashuv Tehrondagi mashhur “Ozodi” stadionida Oʻzbekiston vaqti bilan soat 20:00da boshlanadi.
Kecha boʻlajak oʻyinda jamoalar qaysi rangli liboslarda maydonga tushishiga aniqlik kiritildi. “Paxtakor” mehmon sifatida bugungi oʻyinni oʻzining oq rangli libosida oʻtkazsa, forslar anʼanaviy qizil rangli libosda toʻp tepadi.
Taʼkidlash joiz, bu yilgi musobaqa “Paxtakor” uchun qitʼamiz klublari oʻrtasidagi eng nufuzli turnirdagi yubiley – 15-ishtirok sifatida tarixga kiradi. Bu borada “sherlar” bilan faqatgina Saudiya Arabistonining “Al Hilol” klubi raqobatlashishi mumkin. Ular ham xuddi “Paxtakor” singari bu yil OCHLda 15-marotaba ishtirok etishadi. Keyingi oʻrinlarda quyidagi jamoalar bormoqda:
“Al Ayn” (BAA) – 14 marta,
“Al Saad” (Qatar) – 14,
“Chonbuk Xyunday Motors” (Janubiy Koreya) – 12,
“Al Ittihod” (Saudiya Arabistoni) – 11,
“Al Ahli” (Saudiya Arabistoni) – 11.
Bugungi oʻyinni “sherlar”ning yangi vakili Odil Hamrobekov oʻtkazib yuboradi. Markaziy yarim himoyachi bu yilgi saralash bahslarining har ikki uchrashuvida ham ogohlantirilgan edi. Shu bois Hamrobekov Erondagi bahsda “Paxtakor”ga yordam berolmaydi. Umid qilamizki, Shota Arveladze bu yoʻqotish oʻrnini munosib futbolchi bilan toʻldira oladi va poytaxt jamoasi oʻz muxlislarini xushnud etadi.

 

Otabek Eshmamatov, OʻzA