Xorijdagi yurtdoshlarimizning yangi tashabbusi

Yaponiyadagi vatandoshlarimiz Oʻzbekiston turizmini targʻib qilish ishlariga koʻmaklashish tashabbusi bilan chiqdi. Yaponiyaning koʻplab shaharlarida olib borilgan bu ishlarning natijasida birinchi sayyohlar guruhi yurtimizga tashrif buyurdi.
Ularni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi S.Akbarov va OAV vakillari kutib oldi.
photo5411475647420803684.jpg
– Oʻzbekistonga xalqingiz madaniyati bilan yaqindan tanishish uchun keldim, – deydi guruhi rahbari Yas Uka. – Sayohatimiz 10 kundan iborat boʻlib, Namangan, Andijon, Fargʻona, Samarqand viloyatlari va Toshkent shaharlarini tomosha qilmoqchimiz. Yaponiyaning Xirosima shahrida yashayotgan oʻzbekistonlik Boburjon Oʻzbekistonda yaratilayotgan sharoitlar, mavjud madaniy meros obyektlari haqida tarqatma materiallar berdi. Uning taqdimotlari sabab yurtingizga qiziqib qoldik.
– Oʻzbekiston mehmondoʻst xalq ekanligi haqida bilardik, lekin bizni bunday tantanali kutib olishlari tushimizga ham kirmagandi, – deydi guruh aʼzosi Hashi Moto .– Turizmni rivojlantirish qoʻmitasining oʻrinbosari bizni sovgʻalar bilan kutib olganidan ochigʻi hayratlandim. Shu bilan birga yurtingizda turizmga qaratilayotgan eʼtiborning ne chogʻlik yuqori ekanligini angladim.
photo5408861056014592690.jpg
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi AQSH, Germaniya, Chexiya, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Shveysariya, Avstriya, Polsha, Latviya, Yaponiya, Malayziya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni va boshqa bir qator xorijiy mamlakatlarda istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan aloqa oʻrnatib, muloqotni yoʻlga qoʻymoqda. Jumladan, Chexiya, Polsha, Yaponiya va Germaniya kabi davlatlarga targʻibot materiallari yetkazilib, bugungi kunda vatandoshlar keng koʻlamda targʻibot ishlari olib bormoqda.
Ularga Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qiluvchi materiallar yetkazib berishda Prezidentimizning 2018 yil 25 oktyabrdagi “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

OʻzA