Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasini andijonliklar ham katta qiziqish bilan tinglab, u haqda oʻz munosabatlarini bildirmoqda.
Malohat Ubaydullayeva, Andijon shahar Olimpiya va milliy sport oʻyinlariga ixtisoslashgan maktab-internati oʻqituvchisi:
– Oliy Majlisga Murojaatnomani televideniye orqali katta qiziqish bilan tingladim. Murojaatning asosiy mazmun-mohiyati yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar davomiyligini taʼminlash, jamiyat ravnaqini yanada yuqori darajaga koʻtarishga qaratildi, desam, mubolagʻa boʻlmaydi.
Prezidentimiz Murojaatda har jihatdan yetuk va barkamol avlodni tarbiyalash, sportni rivojlantirish, ayniqsa, sportchilarimizni 2020 yilda Tokioda boʻlib oʻtadigan yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorlashga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi. Bu biz, murabbiylarni juda ruhlantirdi. Chunki bugun nafaqat viloyat, tuman markazlarida, balki chekka-chekka hududlarda ham sportning ommaviyligini oshirish, olimpiya sport turlarini rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, bolalar va oʻsmirlar hamda ixtisoslashtirilgan sport maktablari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mahoratli yosh sportchilarni tayyorlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Buni oʻzim faoliyat yuritayotgan maktab-internat misolida ham aytish mumkin. Ayni paytda 300 ga yaqin oʻquvchi tahsil olayotgan maktabimizda yoshlarning puxta bilim olishi, sport sirlari, texnikasini mukammal egallashi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Yurtimizda sportga qaratilayotgan eʼtibor yaqin yillarda yuksak samaralar berishiga, xalqaro sport maydonlarida mamlakatimiz sportchilari erishayotgan yutuqlar salmogʻi yanada yuqori boʻlishiga aslo shubha yoʻq.
Abduhalim OBIDOV, Asaka tumanidagi “Asaka oil plant seeds“ urugʻchilik fermer xoʻjaligi rahbari:
– Murojaatnomada mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etuvchi qishloq xoʻjaligida olib borilayotgan islohotlarni davom ettirish, ayniqsa, ekinlarning ilgʻor texnologiyalarga asoslangan, yangi, serhosil navlarini yaratish va urugʻchilik tizimini rivojlantirish haqidagi fikrlar soha mutaxassisi sifatida meni gʻoyat xursand qildi.
Bugun rivojlangan davlatlarda urugʻchilik klasterlari mavjud boʻlib, bu hosildorlik va rentabellikning yuqori boʻlishida juda katta rol oʻynaydi. Ana shu tizim bizda endi-endi shakllanmoqda. Dehqonlarimizga mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga mos, ilmiy texnologiyalarga asoslangan urugʻlarni tayyorlash, yetkazib berish ishlari yoʻlga qoʻyilmoqda. Murojaatnomada taʼkidlanganidek, bu sohani rivojlantirmasdan muvaffaqiyatga erishishimiz juda qiyin.
Urugʻchilik tizimining samarali yoʻlga qoʻyilishi ijobiy natijalar berishi keyingi 2-3 yillik faoliyatimizda yaqqol koʻrindi. Xoʻjaligimizda moyli ekinlar ekish, ulardan yuqori hosil olish, kungaboqar hamda soyaning tezpishar nav va duragaylarini yaratish, fermer xoʻjaliklariga sara urugʻ yetkazib berish borasida muayyan yutuqlarga erishilmoqda.
Oʻzbekiston oʻsimlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti va moyli ekinlar Andijon tajriba stansiyasi olimlari bilan hamkorlikda kungaboqarning tezpishar, kasalliklarga chidamli, mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga mos, serhosil “Yangi zamon“, “Osiyo“, soyaning “Madina“ deb nomlangan yangi navlari yaratildi. Mazkur navlar oʻtgan yili yurtimizning qator viloyatlarida sugʻoriladigan yerlarda asosiy va takroriy ekin sifatida ekilib, yuqori hosil olindi.
Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan urugʻchilikni rivojlantirish, urugʻchilik klasterlari tashkil etish boʻyicha oldimizga qoʻyilgan vazifalar ijrosini taʼminlash mamlakatimizni albatta, rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqadi.