Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini televizorda hayajon bilan kuzatdim. Zero, unda bayon qilingan har bir fikr xalqimiz kelajagi uchun juda muhim.
Oʻzim asli moʻynoqlik boʻlganim uchun davlatimiz rahbarining Orol dengizi haqidagi fikrlari yurak-yuragimdan joy oldi. Prezidentimizning Orol muammosiga yechim topish yuzasidan ilgari surgan tashabbuslari va amaliy rejalari bugun dastlabki natijalarini bera boshladi.
Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi chogʻida hududni yanada rivojlantirish, aholining turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan muhim vazifalarni belgilab berdi. Davlat rahbarining Orol fojiasidan eng koʻp zarar koʻrgan Moʻynoq xalqi, uning sabr-toqati, vatanparvarligi va mehnatsevarligi uchun rahmat aytishimiz, shunga munosib xizmat qilishimiz kerak, degan fikrlari moʻynoqliklarning koʻnglini togʻdek koʻtardi, ertangi kunga ishonchini mustahkamladi.
Oʻtgan qisqa vaqt ichida Moʻynoq ulkan bunyodkorlik maydoniga aylanib, yangi turar joylar, ijtimoiy-madaniy obyektlar, ishlab chiqarish korxonalari qurish ishlari boshlab yuborildi. Joriy yil noyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotida Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondi tashkil qilinishi hudud aholisi turmushida gʻoyat muhim tarixiy voqea boʻldi.
Prezidentimiz Moʻynoq tumani aholisi uchun barcha qulay sharoitlarni yaratib berish, Orol dengizi hududidagi ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Shu asosda bugungi kunda tuman bilan Qozoqdaryo posyolkasi oʻrtasidagi 45 kilometrlik yoʻlda qurilish ishlari olib borilmoqda. Ilgari Moʻynoqqa qarashli boʻlgan Qozoqdaryo posyolkasiga Nukus orqali 330 kilometr yoʻl bosib borilar edi. Endi yangi yoʻl qurilishi bilan 260 kilometrga qisqarib, masofa 70 kilometr boʻladi, xolos. Shuningdek, Chimboy, Qoraoʻzak va Taxtakoʻpir tumanlari aholisi uchun Moʻynoq va Qoʻngʻirot tumanlariga chiqish yoʻli ochiladi.
Moʻynoqda “Mustaqillikning 27 yilligi” shaharchasi, “Moʻynoq akva sanoat” DUKning baliqni qayta ishlash konserva zavodi, “Fumei Group” MCHJ shaklidagi qoʻshma korxonaning qamishdan DSP ishlab chiqarish zavodiga tamal toshi qoʻyilib, qurilish ishlari boshlab yuborildi.
Shuningdek, 2019-2021 yillarda 500 ming gektar maydonga sahroga chidamli oʻsimliklar ekish belgilanib, ayni paytda saksovul ekilmoqda. Buning uchun mahalliy byudjetdan 10 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, 15 ming gektar maydon ekishga tayyorlandi, shundan 7 ming gektariga saksovul ekildi. Ushbu ezgu ishga Oʻzbekistonimizning boshqa viloyatlaridan ham yordamchi kuchlar kelgan. Bir soʻz bilan aytganda, Orolning qurigan tubi qizgʻin mehnat maydoniga aylangan.
Joriy yil 28 noyabrda Nyu-York shahrida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Orol muammosini bartaraf qilish yuzasidan Trast fondi tashkil qilinishiga bagʻishlangan yigʻilishda aytgan soʻzlari yodimga tushdi. U kishi Qoraqalpogʻiston, Orolboʻyi mintaqasi xususida gapirar ekan, “Jabrlangan mintaqa tarixida yangi sahifa ochildi”, degan edi.
Mana, haqiqatdan ham yangi sahifa ochildi. Xalqda umid uygʻondi, kelajakka ishonch paydo boʻldi. Koʻzlariga nur kirgan. Butun qoraqalpoq xalqi bunday mardona amaliy harakatlari uchun Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik bildirmoqda.
Qisqa qilib aytsam, davlatimiz rahbarining bunday yuksak eʼtibori butun xalqimizni ruhlantirmoqda. Oʻz navbatida, men ham boshlangan ezgu ishlarga hammani chorlagim keladi.