Mamlakatimizda Yangi yil bayrami tantanalari oʻzgacha shukuhli, fayzli oʻtmoqda. Orasta koʻchalar, did bilan yasatilgan archalar, attraksionlar va ajoyib konsert dasturlari yoshu keksaga oʻzgacha quvonch bagʻishlamoqda.
Poytaxtimizning Istiqlol koʻchasidagi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va “Hyatt Regency” mehmonxonasi oldida balandligi 35 metrlik bosh archa oʻrnatildi. Archa atrofida 20 dan ortiq attraksionlar joylashgan. Bu yerda tomosha va koʻngilochar dasturlar ertalabki soat 10:00 dan kech soat 22:00 gacha davom etadi. Maydon atrofida joylashgan rang-barang chiroqlar bilan bezatilgan 44 doʻkonda shirinliklar va oʻyinchoqlar sotilmoqda.
Biz xushnud onlardan bahramand boʻlayotgan yurtdoshlarimizning oʻtayotgan yilning esda qolarli damlari va yangi yildagi rejalari bilan qiziqdik.
– Kelinim va nevaramni olib Toshkentga mehmon boʻlib keldik, – deydi Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanida yashovchi Umida Xolqoʻziyeva. – Bayram arafasida hammaning chehrasida kulgu, koʻzida quvonchni koʻrib koʻnglim yayradi. Oʻtayotgan 2018 yil barakali keldi. Nevarali boʻldim, kelinim universitetga oʻqishga kirdi, xullas quvonchli yangiliklarni sanayman, desam sanogʻi koʻp. Kelayotgan yilda ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yangidan-yangi islohotlarni kutib qolamiz. Yurtimiz tinchligiga koʻz tegmasin, bayramlarimiz bayramlarga ulanaversin.
– Bugun qizim bilan archani tomosha qilishga chiqdik, – deydi Raʼno Roziqova. – Turmush oʻrtogʻim harbiy, oʻzim esa Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetida oʻqituvchi boʻlib ishlayman. Bu yilgi bayram tantanalari ham har yilgidek juda zavqli oʻtmoqda. Oʻtayotgan yil oilamiz uchun juda sermahsul boʻldi. 10 yildirki poytaxtda ijarada yashab kelayotgan edik. Bu yil bizga turmush oʻrtogʻimning ishxonasi tomonidan ikki xonalik uy berildi. Bu biz uchun juda quvonchli boʻldi. Kelayotgan yangi yilda shu uyga koʻchib oʻtishni rejalashtiryapmiz. Davlatimiz tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlar va yosh oilalarga berilayotgan keng koʻlamli imkoniyatlar, yaratilayotgan shart-sharoitlarga dunyo ahli havas qilsa arziydi. Yangi yilni ham oʻzgacha quvonch bilan kutib olyapmiz. Xudo xohlasa, 2019 yil ham yanada yuksak oʻzgarishlar, yangiliklarning guvohi boʻlamiz.
Gulnoza Boboyeva, OʻzA muxbiri