“PROlogue – 2018” doirasida qiziqarli uchrashuvlar

Poytaxtimizda boʻlib oʻtayotgan “PROlogue – 2018” xalqaro kinofestivali doirasida Yoshlar ijod saroyida Rossiyaning yetakchi kinoarbobi, rejissyor, aktyor, ssenariynavis va prodyuser Vladimir Menshov bilan ijodiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. 
1939 yilda Boku shahrida tugʻilgan V.Menshov kinoning maftunkor va zahmatli dunyosi oldida katta va sermashaqqat yoʻlni bosib oʻtdi. Dastlab Moskva badiiy akademik teatri qoshidagi V.Nemirovich-Danchenko nomli maktab-studiyani, soʻngra Butunittifoq kinematografiya institutining rejissyorlik kafedrasida aspiranturani tamomlagan. Uning aktyorlik tarjimai holida 70 dan ortiq rol mavjud. Vladimir Valentinovichning, ayniqsa, “Nofelet qayerda?”, “Buzoq yili”, “General”, “Diversant. Urush oxiri”, “Likvidatsiya” kabi filmlardagi rollari tomoshabinlar qalbidan joy olgan.
1979 yilda uning rejissyor sifatida tasvirga olgan “Moskva koʻz yoshlarga ishonmaydi” kartinasi 1981 yilda jahon kino olamidagi eng nufuzli Oskar mukofotiga munosib topilgan. Oddiy odamlar hayoti, muammolari, qiyinchiliklarni munosib yengib oʻtishi haqida soʻzlovchi ushbu film oʻz vaqtida prokat boʻyicha eng yetakchi kartina sanalib, uni 90 million tomoshabin koʻrgan. Manbalarda qayd etilishicha, oʻz davrida AQSH prezidenti Ronald Reygan M.Gorbachev bilan uchrashishidan avval “Moskva koʻz yoshlarga ishonmaydi” filmini sakkiz marta tomosha qilgan ekan.
Shuni taʼkidlash joizki, V.Menshov yurtimizda oʻtkaziluvchi xalqaro kinofestivallarning doimiy va sevimli mehmoni.
– Bugungi kunda Sharq kinematografiyasi oʻzini koʻproq namoyon etib, mustahkamlanib bormoqda, – deydi V.Menshov. – Yoshlar kino sohasida muvaffaqiyatga erishishni istasa, koʻproq teatrlarga borishini maslahat bergan boʻlardim. Negaki, aynan teatrda hayot qaynaydi. U ijodiy izlanishlarga turtki beradi. Isteʼdodlarni aniqlash, ularni qoʻllab-quvvatlash kino sanʼatida gʻoyat muhimdir. “PROlogue – 2018” xalqaro kinofestivali shunday maqsadlarni koʻzlagani bilan diqqatga sazovor.
Kinofestivalning navbatdagi kunida “Kinematograf va yoshlar” mavzuidagi anjuman, toʻliq metrajli filmlar xalqaro tanlovi, rossiyalik mohir operator Sergey Astaxov ishtirokida mahorat darsi ham boʻlib oʻtdi.

 

N.Usmonova, OʻzA