Sharof Rashidovning sirli vafoti

Bu sir hamon ochilmagan.
Vaqt oʻtib boryapti. Sharof akani bilgan odamlar soni tobora kamayib boryapti. Bu odamning oʻlimi tafsilotlari bilan voqif odamlar ham sanoqli qolgan.
Sharof akaning ruhi, elimiz, yurtimiz oldidagi buyuk xizmatlarining haqqi-hurmati, biz-zamondoshlarning kelajak avlodlar oldidagi burchimiz – bu sirni keyinga qoldirmay, oxiriga yetishimiz kerak!
1982 yil shoʻrolar davlatining rahbari L.Brejnev 76 yoshda vafot etdi. Uning atrofidagi munkillab qolgan safdoshlari ham birin-ketin oʻtdilar. Hokimiyatni qoʻlga olgan davlat xavfsizlik qoʻmitasining sobiq raisi Andropov boshqaruv apparatini tezlik bilan tozalab, atrofiga oʻziga sadoqatli sobiq chekistlar (Aliyev, Shevardnadze)ni toʻplay boshladi. Uzoq yillar mamlakat boshqaruvida ishtirok etib kelgan Krilenko, Romanov, Kunayev, Sherbiskiy va boshqalar lavozimdan chetlashtirildi.
Navbat Sharof Rashidovga yetib qolgan edi.
Ertalab yaxshi kayfiyatda boʻlgan odam, kunduzi Xorazmda yuzlab 
odamlar bilan muloqotda boʻlib, kechqurun Nukusda toʻsatdan 
vafot etishi shubhali… Sharof Rashidovning oʻlimi XX asr 
sirlaridan biri boʻlsa kerak, deb oʻylayman.
Oʻzbekiston jiddiy taraqqiy etgan respublika boʻlib, yalpi mahsulot ishlab chiqarish va eksportga mol chiqarishdan tushadigan daromad boʻyicha shoʻrolar tizimida 2-oʻrinda (Rossiyadan keyin) edi. Oʻzbekiston paxta yetishtirishda dunyoda 2-oʻringa chiqib olgandi.
Ayni vaqtda respublikamiz aholi boshiga oʻrtacha daromad va boshqa muhim koʻrsatkichlar boʻyicha ittifoqdosh respublikalar ichida 11-14-oʻrinlarni egallardi! Qarang, shunaqa ham kontrast boʻladimi? Boltiqboʻyi respublikalarining umum ittifoqqa qoʻshadigan hissasi arzimas boʻlsa ham, ularda aholining hayot darajasi Yevropa mamlakatlari darajasida edi. Buni yuqori mansabdagi barcha davlat rahbarlari yaxshi bilardi. Toshkentda metro qurilishi Sharof akaning shaxsan harakati tufayli amalga oshirilganini kim bilmaydi? Moskvadagi amaldorlar respublika mablagʻi hisobiga qurilgan Sanʼat Saroyini “Oʻzbekistonda bunaqa bino ellik yildan keyin qurilishi kerak edi” degan edilar. Vaholanki, bunday hashamatli inshootlar markaz ajratgan mablagʻ hisobiga bunyod etilardi.
Moskvaning Markaziy Osiyo respublikalarida aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan birorta hukumat qarori yoki tadbiri boʻlganini hech kim eslolmaydi. Ammo, bu yerlarda (hamma yerdagi kabi) yuz bergan salbiy holatlar (dangʻillama toʻylar, poraxoʻrlik va jinoyatchilik) oʻsha davrning old nashrlari “Pravda”, “Sovetskaya kultura”, “Trud” gazetalarining shov-shuvli maqolasiga aylanardi.
Respublikamizdagi qarshi xuruj, birinchi navbatda, Sharof Rashidovga qarshi qaratilgan edi. Chunki bu odamning mamlakatda va xorijdagi mavqei juda baland edi. Sharof akaga qarshi hujum uchun sabab qidirilar edi.
Oʻzimizdan chiqqan bir guruh “vatanparvarlar” paxta terimi qizgʻin ketayotgan bir paytda toʻsatdan “qoʻshib yozish”, paxtani momiq holiga keltirib, davlatga topshirish” kabi gʻoyalar bilan markaziy gazetalarda (“Pravda”) maqolalar eʼlon qildilar.
Sharof aka maqolani oʻqib, ancha xafa boʻlgan edilar. Oʻsha vaqtda Sharof akaning: “Avval paxtani terib olish kerak-ku! Ertaga yogʻingarchilik boshlansa, unda nima qilish mumkin? Avval hamma kuchni hosilni toʻla yigʻib olishga qaratish kerak. Paxtani qayta ishlash ishlari kelgusi yil may-iyun oyigacha davom etishi mumkin. Baʼzi odamlar biroz shoshilib qolgan koʻrinadilar. Vaqti-soati bilan davlatga momiq topshiradigan vaqt keladi. Hozir hosilni yigʻib olishimiz kerak!” degan edilar.
Bu gap 30 oktyabr kuni, Xorazmdan Qoraqalpogʻistonga borar yoʻl ustida, jurnalistlar bilan suhbat vaqtida boʻlgan edi.
Taqozoni qarang-ki, Sharof aka shu iboralarni aytganlaridan 5-6 soat keyin vafot etganlar.
Sharof akaning vafoti bilan bogʻliq bir necha holatni yodga olaylik.
29 oktyabr kuni sobiq SSSR hukumati boshligʻining birinchi oʻrinbosari G.Aliyev boshchiligidagi delegatsiya Vyetnamga ketayotib, Toshkentda toʻxtadi.
Oʻsha paytda Xorazmda paxta terimini tashkil etish bilan mashgʻul boʻlgan Sharof Rashidov Toshkentga yetib kelib, delegatsiyani kutib oldilar.
Delegatsiya yurtimizda bir kecha dam olib, 30 oktyabr kuni Vyetnamga uchib ketdi.
30 oktyabr kuni erta tongda Sharof aka aeroportda G.Aliyevni kuzatib, ish oʻrnida, Markazqoʻmda Finlandiyalik delegatsiya bilan suhbat qildilar.
Suhbat tugagach, Sharof aka hovliga chiqdilar, yakshanba kuni edi oʻshanda. Markazqoʻmda hech-kim yoʻq, fin delegatsiyasi bilan band kishilargina bor edi. Kuz havosi kishini oʻziga maftun qilardi. Bir-necha kun paxta dalasidan jilmagan Sharof aka hovlini biroz aylandilar, oʻshanda kayfiyatlari koʻtarinki edi, deb eslashadi.
Coʻng yigʻilganlarga: “Hozir Xorazmga uchaman. Bugun soat 12 da Urgenchda viloyat paxta topshirish rejasini birinchi boʻlib bajarganiga bagʻishlangan miting boʻladi. Xorazmliklar katta qoʻshimcha majburiyat olishmoqchi. Mitingdan soʻng, Qoraqalpogʻistonga oʻtaman. U yerda terim surʼati biroz past. Bir-necha kun u yerda boʻlishga toʻgʻri keladi” deganlari hamon xotirimda.
U kishi hamma bilan xayrlashib, mashinaga oʻtirib, aeroportga joʻnab ketdilar.
Oʻshanda bu soʻzlar bu buyuk insonning soʻnggi soʻzlari ekanini hech kim hayoliga ham keltirmagan edi.
Sharof aka Urganchda boʻlgan mitingda ishtirok etib, xorazmlik paxtakorlarni katta mehnat gʻalabasi bilan qutlaganlar. Keyin, Oʻzbekiston boʻylab safar qilayotgan Kuba elchisi bilan suhbat qilganlar. Kunning ikkinchi yarmida esa Nukus tomon joʻnab ketganlar. Aytishlaricha, u yerda kechga yaqin Sharof akaning mazasi boʻlmagan. Toshkentdan, Moskvadan chaqirilgan shifokorlar u kishini asrab qololmaganlar.
1 noyabr kuni erta tongda Sharof Rashidovning bevaqt vafot etgani haqida dastlabki xabar paydo boʻldi.
Sharof akaning dafn marosimi respublikamiz, mamlakatimiz uchun ogʻir judolik va motamga aylandi. Oʻzbek xalqi uchun borini ayamaydigan yana bir togʻkelbat suyanchigʻidan ayrilgan edi.
Endi, Sharof akaning vafoti kimga kerak edi, degan savolni muhokama qiladigan boʻlsak, baʼzi savollarga javob topgandek boʻlamiz.
Moskva, ittifoq hukumati Sharof akaning obroʻyi, mavqeidan hayiqqani aniq. U kishi tirik boʻlganlarida “qayta qurish” tigʻi Oʻzbekistonga qaratilmagan boʻlardi.
Sharof Rashidov respublikamizni, xalqimizni markazning desantchilaridan himoya qila olar edilar.
Oʻsha davrdagi vaziyatni tahlil etsak, “qoʻshib yozish”, “poraxoʻrlik” va boshqa illatlar Moskvaning oʻzida keng avj olgan edi. Matbuotda eʼlon qilingan “Kuban ishi”, “Sochi ishi”, “Baliq va ikra ishi” kabi nomi olamni tutgan “Paxta ishi”dan oʻn chandon xavfli va tashvishliroq edi.
Misol tariqasida keltirib oʻtadigan boʻlsak, sobiq SSSR Oliy Soveti Prezidumining kotibi Georgadzening dala hovlisidan musodara qilingan boyliklar (8 kilogramm brilliant, 100 ta yombi oltin quymasi, 2 million AKSH dollari, 400 million rubl, Tretyakov muzeyi va Ermitajdan yoʻqolgan nodir sanʼat namunalari va h.k) yillik davlat byudjetining maʼlum foizini tashkil etgan.
Ertalab yaxshi kayfiyatda boʻlgan odam, kunduzi Xorazmda yuzlab odamlar bilan muloqotda boʻlib, kechqurun Nukusda toʻsatdan vafot etishi shubhali. Keyin, nega aynan Nukusda vafot etdi?! Xorazmda yuzlab xalq va jurnalistlar bilan muloqotda boʻlib, kechqurun Nukusda toʻsatdan vafot etishining oʻzi shubhali. Yuqori malakali shifokorlarni yakshanba kuni yarim kechada Moskva va Toshkentdan topib, Nukusga yetkazib kelishning oʻzi boʻladimi?
Sharof Rashidovdan sal avval Belarus rahbari, urush va mehnat qahramoni, belorus xalqining suyukli farzandi Masherov ham Minskdan uzoqda (Brest yoʻlida) toʻsatdan avtohalokat oqibatida halok boʻlgandi.
Nahotki, bularning barchasi tasodif boʻlsa?..
Mana nihoyat iymon-eʼtiqodimiz oldidagi burchli javoblarni oqlab, demokratik oshkoraliklar sabab Sharof Rashidov nomi oqlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori xalqimizning bu buyuk inson ruhi oldidagi hurmati va ehtiromi boʻldi.
Ilohim, oxiratlari obod, ruhlari shod boʻlsin!..
Anvar Tojiyev

 

OʻzA