Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tashabbusi bilan Bosh prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Tadbir Prezidentimizning 2018-yil 27-iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda soliq qarzlarini undirish yuzasidan olib borilayotgan chora-tadbirlar tahliliga bagʻishlandi.
Davlat soliq qoʻmitasining markaziy studiyasida oʻtkazilgan tadbirda qoʻmitaning tarkibiy tuzilmalari, Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar va Toshkent viloyati boshqarmalari va tuman boʻlimlari, hududlardagi studiyalarda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va tuman (shahar) Majburiy ijro byurosi boshqarmalari boshliqlari, davlat ijrochilari, viloyat davlat soliq boshqarmalari va inspeksiya xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, Prezidentimizning 2018-yil 17-apreldagi iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitoblar tizimini takomillashtirish, debitor-kreditorlik, shu jumladan, byudjet oldidagi qarzlarni qisqartirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan majlis bayoni orqali berilgan topshiriqlardan kelib chiqqan holda, joriy yilning oʻtgan davrida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Davlat soliq qoʻmitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirlar jarayonida 1881,1 milliard soʻm miqdorida mablagʻ undirilib, bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1134,4 milliard soʻmga koʻpayishiga erishildi.
Shuningdek, 11,2 mingta qarzdorlarning 2,5 trillion soʻm qiymatidagi mol-mulklari, shundan 1441 ta bino va inshoot, 1618 ta transport vositalari va 11063 ta boshqa turdagi mulklar xatlandi.
Bunday tadbirlardan koʻzlangan maqsad kimnidir jazolash yoki birovning mulkini olib qoʻyish emas, aksincha, qonun ustuvorligini taʼminlash, aholi manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Qoʻshma yigʻilishda hamkorlikdagi ishlarni tashkil etishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan, natijaviy koʻrsatkichlari past boʻlgan viloyatlar va tuman davlat soliq xizmati organlari rahbarlariga nisbatan keskin eʼtirozlar bildirilib, kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Davlat soliq qoʻmitasi fuqarolarimizni 2019-yilning 1-yanvariga qadar tadbirkorlik faoliyatini qayta tiklab, davlatimiz rahbariyati tomonidan taqdim etilayotgan bunday imkoniyatdan unumli foydalanishga chaqirib qoladi.