Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ham, bosma nashrlarda ham gazetaning keyingi taqdiri va obuna masalasi eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylandi. Baʼzan shunday mulohazalar ham bildirilmoqdaki, oʻqib ensangiz qotadi. Matbuotning nonini yegan, zahmatini totgan kishigina uning mehnati naqadar mashaqqatli ekanini his etadi.
Fargʻona viloyatidagi baʼzi bir shahar va tuman hokimliklari muassisligidagi gazetalarning iqtisodiy ahvoli ancha yaxshi. Qoʻshtepa tumanining “Istiqbol yoʻli”, Buvayda tumanining “Buvayda koʻzgusi” kabi gazeta tahririyatlarida obuna tashkil etish, tahliliy materiallar salmogʻi jihatidan yaxshi tajriba bor. Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi tomonidan shunday yaxshi tajribalarni ommalashtirish, muassis va tahririyat oʻrtasida tuzilgan shartnomani bajarish borasidagi ishlar bilan tanishtirish maqsadida muntazam ravishda seminarlar tashkil etib kelinayotgani ham eʼtiborga loyiq. Albatta, bu jarayonda muassis ham tahririyatning egasi ekanini sezadi, muammolarini amaliy hal etishga yordam beradi.
Afsuski, ayrim shahar va tumanlardagi tahririyatlarning ahvoli yaxshi emas. Aksariyatining oʻz binosi ham yoʻq. U yerda ishlayotgan hamkasblarimiz ahvolini gapirmasa ham boʻladi. Maosh ham obunaga qarab-da… Muassis esa umuman yordam bermaydi. Vaholanki, taʼsis shartnomasi va nizomda unga moliyaviy yordam koʻrsatish, gazetani oʻz vaqtida chiqarish kabi vazifalar aniq belgilab qoʻyilgan.
Matbuot – jamiyat hayotining koʻzgusi, deb bejiz aytilmaydi. Gazetalar ham mamlakatimizda, xususan, oʻz hududida (shahar, tuman gazetalari) amalga oshirilayotgan islohotlarni, voqea-hodisalarni yoritayotgani ham haqiqat. Bugun bir oyda bir yoki ikki marta chop etilayotgan, adadi ming nusxaga ham yetmaydigan gazetalarga eʼtibor berish vaqti keldi, deb oʻylaymiz. Xususan, davlat tomonidan matbuot har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishi lozim.
Toʻgʻri, ijtimoiy tarmoqlar bugun axborot yetkazish borasida ancha oʻzib ketgan. Ammo u hech qachon gazetaning oʻrnini bosa olmaydi. Eʼtibor bering. Bir saytda shov-shuvli axborot uzatildi. Yarim soatdan soʻng u oʻzgarib qolishi, hatto olib tashlanishi ham mumkin. Gazeta – bu hech qachon oʻlmaydigan, vaqt oʻtsa ham bosilgan maqolani saqlab qola oladigan hujjatdir.
Xoʻsh, bugun nega gazetalar kam oʻqilmoqda? Albatta, ayb faqat bir tomonda emas. Gazeta ham bugun zamonga moslashishi shart. Tahririyat oʻquvchilar auditoriyasini topishi uchun zamonaviy usullarni faoliyatiga joriy etishi kerak. Baʼzi bir gazetalarning mazmun-mundarijasini oʻzgartirish, tahliliy, chuqur mushohadali materiallar salmogʻini koʻpaytirish borasida aniq tadbirlar belgilab olishi kerakka oʻxshaydi.
Obuna – bu tahririyat uchun bir jarayon. Muassis va tahririyat barcha joyda oʻz gazetasini targʻib qilishi, obuna tashkil etishi mumkin. Bugun ayrim toifadagi kishilar “majburiy obuna” degan narsani notoʻgʻri talqin qilmoqdaki, xuddi obuna qilish mumkin emasdek. Baʼzi bir rahbarlarga obuna masalasini gapirsangiz, xuddi elektr toki urgandek boʻladi. Bunday boʻlishi kerak emas, aslida.
Yana bir gap. Bugun kitobxonlik madaniyatini shakllantirish haqida koʻp gapirilmoqda. Albatta, bu dastlab gazeta oʻqishdan boshlanadi. Shuning uchun gazetxonlik madaniyatini ham shakllantirish kun tartibiga chiqmoqda. Hammamiz ham bolalikda atrof-muhitni, roʻy berayotgan voqea-hodisalarni gazeta orqali bilganmiz. Hatto maktabda gazetalarda bosilgan biror kichik maqoladan diktant sifatida ham foydalanganmiz. Shuning uchun gazetxonlik madaniyatini shakllantirish zarur. Zero, matbuot erkin minbar boʻlib, oʻz gazetxonlari davrasida hamisha sevib oʻqilaveradi.