Yevropa investitsiya banki (YEIB) vitse-prezidenti Vasil Xudak boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vazirligi vakillari bilan uchrashdi.
Qishloq xoʻjalik vaziri oʻrinbosari A. Ergashev soʻnggi vaqtlarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yumushlar haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, mazkur moliya muassasasi bilan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash va logistikasi, ekin maydonlariga suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish yoʻnalishlaridagi loyihalarda hamkorlik qilish taraflar uchun ahamiyatli ekanini taʼkidladi.
– Bankimiz Oʻzbekistonda faoliyat boshlaganiga endi bir yil boʻldi, – deydi Yevropa investitsiya banki (YEIB) vitse-prezidenti Vasil Xudak. – Ayni paytda iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini bartaraf etish, degradatsiyaga uchragan tuproqlarni qayta tiklash, suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish, tejamkor hamda ekologik bezarar texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha hamkorlikda loyihalar bajarmoqdamiz. Yangi loyihalarni ham moliyalashtirishga tayyormiz.
Uchrashuv davomida bogʻdorchilik sohasida, ekin maydonlariga tomchilab sugʻorish texnologiyalari joriy etishga oid loyihalarni amalga oshirish va soha xodimlarining malakasi oshirishga kelishib olindi.
Sayyora Shoyeva, OʻzA