Poytaxtimizda Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tashkil etilganining 15 yilligiga bagʻishlab “Oʻzbekiston nodavlat ommaviy axborot vositalari: rivojlanish bosqichlari va kelajak istiqbollari“ mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Unda deputatlar, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus, nodavlat media tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi raisi I.Abdullayev, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari A.Qodirov, “Taraqqiyot strategiyasi“ markazi ijrochi direktori A.Burhonov va boshqalar mamlakatimizda milliy jurnalistikani ravnaq toptirish uchun yetarli imkoniyat yaratilayotganini taʼkidladi.
YUNISЕFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Atul Kumar, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli oʻzgarishlar jarayoni milliy jurnalistika sohasida ham oʻz ifodasini topayotganini taʼkidladi.
Yurtimizda fuqarolarning axborot va soʻz erkinligini taʼminlashga oid huquqlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan. Mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan ommaviy axborot vositalarining salmoqli qismini nodavlat media tuzilmalari tashkil etadi. 2003-yilda tashkil etilgan Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va uning tizimidagi teleradio studiya va kanallar, kabel axborot vositalarining yurtimiz media makonida samarali faoliyat koʻrsatayotgani mamlakatimiz milliy jurnalistikasi rivojiga boʻlgan eʼtibor, yurtimiz media sohasi taraqqiyoti toʻgʻri yoʻldan borayotganining yana bir amaliy tasdigʻidir.
Assotsiatsiya oʻz faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlaboq nodavlat ommaviy axborot vositalarini birlashtirish, ularning erkin iqtisodiy faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, yurtimizdagi nodavlat teleradiostansiyalar ishini rivojlantirishga oid koʻplab loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Oʻz atrofiga 100 dan ortiq nodavlat elektron ommaviy axborot vositasini birlashtirgan mazkur media tuzilma unga aʼzo nodavlat teleradio uzatuvchilarning qonuniy manfaatlarini himoyalash, huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, efir dasturlarini milliy manfaatlarimizga mos kontent bilan taʼminlash, texnik va ijodiy xodimlar mahoratini oshirish, teleradiostansiyalar moddiy-texnik bazasini yaxshilash kabi masalalar yuzasidan tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Ayni paytda xalqimizni tezkor, xolis axborot bilan taʼminlashda oʻziga xos va ijodiy yondashuv, masʼuliyat, kadrlar mahoratini muttasil charxlab borish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
– Ommaviy axborot vositalari davlat va jamiyat oʻrtasidagi koʻprik sanaladi, – deydi “Ruxsor“ teleradiokanali bosh muharriri Ziyovuddin Hakimov. – Shu maʼnoda kasbiy koʻnikmalarimizni oshirishda turli seminarlar, media oromgohlardagi mashgʻulotlar ijodiy va texnik xodimlar salohiyatini yuksaltirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Konferensiyada “Bolalar va mass-media: Oʻzbekistondagi mediataʼlim istiqbollari“, “Mustaqil jurnalistikaning rivojlanishi: Oʻzbekiston tajribasi va amaliyot“, “Ommaviy axborot vositalari, hokimiyat va fuqarolik jamiyati: manfaatlar muvozanati yoʻlida“, “Parlament komissiyasi fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash vositasi sifatida“ kabi mavzular atroflicha muhokama qilindi.
Shu kuni konferensiya doirasida tashkil etilgan yoshlar media-forumida Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligi natijalari atroflicha tahlil etildi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining nodavlat teleradiokanallarda yoritilishi koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi. Yoshlar studiyasining 2019-yilda amalga oshiriladigan ishlari, hamkorlikdagi ijodiy loyihalar atroflicha muhokama etildi.
Assotsiatsiya tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan “Ozod yurt toʻlqinlari“ XI milliy festivalida turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlandi. Eng faol nodavlat media tuzilmalarning xodimlari taqdirlandi.