Parlament quyi palatasidagi Oʻzbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida deputatlar Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritilayotgan qonun loyihalarini atroflicha muhokama qildi.
“Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.
Loyiha Prezidentimizning 2018-yil 17-avgustdagi “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish boʻyicha huquqiy eksperiment toʻgʻrisida”gi farmoni bilan tasdiqlangan Toshkent shahrining boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish boʻyicha yoʻl xaritasining 25-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Bugun noturar obyektlar qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarini oʻzlashtirish samaradorligini oshirish, tadbirkorlik subyektlarining masʼuliyatini kuchaytirish, shuningdek, korxonalarni faol xoʻjalik faoliyatiga jalb etish hamda shu asosda yangi ish oʻrinlarini yaratish dolzarb masala hisoblanadi. Mazkur qonun loyihasi ushbu masalalar yechimini ham nazarda tutadi.
Fraksiya aʼzolari Prezidentimiz tashabbusi bilan boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanish yuzasidan bir qator amaliy ishlar olib borilayotgan bir paytda ayrim tadbirkorlik subyektlarining noturar obyektlar qurish uchun ajratilgan yer uchastkalaridan foydalanishda loqaydlikka yoʻl qoʻyayotganini taʼkidlab, ularga nisbatan talabning kuchaytirilishini maqsadga muvofiq, deya eʼtirof etdilar. Aynan shunday tadbirkorlik subyektlarining harakatsizligi sabab koʻplab ish oʻrinlari yaratilmasdan qolmoqda.
Qonun loyihasida noturar obyektlar qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarini oʻzlashtirish muddati uch yildan ikki yilgacha qisqartirilishi koʻzda tutilgan. Bu, oʻz navbatida, tadbirkorlik subyektlarining masʼuliyatini ham oshirishga turtki beradi.
Qonun loyihasi bilan Yer kodeksining 36-moddasiga tegishli oʻzgartish kiritish taklif etilmoqda. Xususan, qishloq xoʻjaligi sohasiga taalluqli boʻlmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmasa, yer uchastkalariga boʻlgan huquq bekor qilinadi. Tadbirda loyihani birinchi oʻqishda konseptual qoʻllab-quvvatlash taklifi bildirildi.
Yigʻilishda deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ham atroflicha muhokama qilindi. Mazkur loyihada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan byudjetning ijro etilishi bilan bogʻliq maʼlumotlar, mazkur davlat organlarining byudjet xarajatlarini rejalashtirish, shakllantirish va ijro etishga oid maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlarda joylashtirish orqali jamoatchilik foydalanishi uchun huquqiy sharoit yaratilishi belgilanmoqda.
Yigʻilishda bu boradagi xorijiy tajriba ham deputatlar eʼtiboridan chetda qolmadi. Byudjetning ochiqligi toʻgʻrisida Rossiya, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Qozogʻistonda amalda boʻlgan tartib va qonunchilik yuzasidan axborot berildi. Muhokamalar yakunida fraksiya aʼzolari tomonidan mazkur qonun loyihasi birinchi oʻqishda qoʻllab-quvvatlandi.