Respublika boʻyicha metan gaz narxlari pasaydi

Gaz quyish shoxobchalari narxlarni oʻzboshimchalik bilan koʻtargan, ular oʻzlari xohlagan narxlarini qoʻyib sotayotgan edi. Oʻzbekiston milliy axborot agentligi (OʻzA) Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federsiyasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan tahlili buni fosh etdi.
Kuni kecha uza.uz saytida Oʻzbekiston milliy axborot agentligi (OʻzA) Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federsiyasi bilan hamkorlikda hududlardagi gaz quyish shoxobchalarida sotilayotgan metangaz narxlari tahliliga doir material eʼlon qilingan edi. Ushbu maqolaga javoban Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi avtomobillarga gaz quyish kompressor stansiyalari orqali realizatsiya qilinayotgan tabiiy gaz narxini oshirishga asos yoʻqligini maʼlum qilgani eʼlon qilindi.
Unga koʻra, shu yilning 16-noyabriga qadar gaz-zapravkalarga yetkazib berilayotgan 1 kubometr tabiiy gazning narxi — 789 soʻm 74 tiyin (buning 289,74 tiyini — tabiiy gazning ulgurji sotish narxi, 500 soʻmi — maxsus investitsiya ustama haqi).
Moliya vazirligi gaz-zapravkalar tomonidan narxning 17 foizga oshirilgani asossiz ekanini bildirdi. Agar narxlar 15-noyabrgacha boʻlgan holatga qaytmasa, tegishli sanksiyalarni koʻrishga majbur boʻlinishi maʼlum qilindi.
Agar biror bir hududda metangaz narxlari davlat tomonidan belgilangan narxlardan yuqori baholarda sotilayotgan boʻlsa, OʻzA rasmiy sayti – uza.uzga yoki Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federsiyasiga murojaat qilishingizni soʻraymiz. Shuni maʼlum qilamizki, ayni paytda butun respublika boʻyicha mutasaddi idoralarning bu boradagi nazorati kuchaytirildi.

 

OʻzA