Fraksiya qaysi taklifni qoʻllab-quvvatladi?

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda deputatlar sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish borasidagi islohotlar natijalarini tahlil qildi, bir qator qonun loyihalarini koʻrib chiqdi.
Dastlab fraksiya aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 noyabr kuni sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasidagi islohotlar natijalarini tahlil qilish va istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilashga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida belgilangan yoʻnalishlarning mazmun-mohiyati va deputatlik korpusi oldida turgan galdagi choralar haqida fikrlashdilar.
Qayd etilganidek, sogʻliqni saqlash tizimida aholiga malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, bu sohada uchrayotgan muammolarni toʻla bartaraf etish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimini, tuman markaziy shifoxonalarining malakali kadrlar bilan taʼminlanish darajasini koʻtarish, ayniqsa, qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va markaziy tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
OʻzLiDeP sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirishni yanada jadallashtirish, mamlakatimizda xususiy tibbiyotning barcha tarmoqlari rivojlantirilishi, shuningdek, viloyatlar markazlarida va yirik shaharlarida “tibbiyot xab”larini barpo etish boʻyicha Prezident takliflarini qoʻllab-quvvatlaydi.
Deputatlarning fikricha, yaqin istiqbolda mazkur sohani yanada izchil rivojlantirish, 2025 yilgacha yurtimizda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan yangilash konsepsiyasining ishlab chiqilishida fraksiya aʼzolari faol ishtirok etib, aniq takliflar kiritishi muhim vazifa hisoblanadi. Xususan, 2021 yildan boshlab yurtimizda majburiy tibbiy sugʻurta tizimini joriy etish va bu orqali byudjet xarajatlarini kamaytirish, davlat-xususiy sheriklik tizimini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan muhim islohotlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish zarurligiga eʼtibor qaratib, shu boradagi qonun loyihasini ishlab chiqishdagi oʻz takliflarini oʻrtaga tashladilar.
Yigʻilish davomida fraksiya vakolatiga kiruvchi bir qator boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi. Kun tartibidan oʻrin olgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA