Hayotimiz farovonligining asosiy mezoni

Bu yil 8 dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 26 yil toʻladi. Yurtimizda ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan koʻplab bayram tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida Konstitutsiya hamda uning asosida qabul qilingan milliy qonunchiligimiz tahlili umuminsoniy hamda xalqimizning asrlar davomida sayqallanib kelayotgan tarixiy, milliy, huquqiy va maʼnaviy qadriyatlarining uygʻun va hamohangligi asosida yaratilgani alohida eʼtirof etildi.
Qayd etilganidek, oʻtgan vaqt mobaynida shu asosda Oila, Fuqarolik, Uy-joy kodekslari va boshqa zarur qonun hujjatlari qabul qilinib, uning huquqiy poydevori yaratildi. Mamlakatimizda oilaga jamiyatning muhim boʻgʻini, ayniqsa, yosh avlod kamolotiga bevosita daxldor ijtimoiy institut sifatida yuksak eʼtibor qaratilayotgani buning yorqin dalilidir.
Davra suhbati yakunida partiya tashkilotlari va deputatlari joylarda oʻtkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etishi hamda aholimiz, avvalambor, yoshlarimiz bilan boʻlayotgan uchrashuvlarda Konstitutsiyamizdagi normalarni keng tushuntirishlari maqsadga muvofiqligi aytib oʻtildi.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA