Yevropa taʼlimi institutining Toshkentdagi filiali tomonidan “Kadastr, yer tuzish va geoaxborot tizimlarini takomillashtirish” mavzusida oʻquv kursi oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 iyuldagi “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasi reytingini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori ijrosi doirasida hamda Milliy geografik axborot tizimini joriy etish maqsadida Yevropa taʼlimi instituti (YETI)ning Toshkentdagi filiali tomonidan “Kadastr, yer tuzish va geoaxborot tizimlarini takomillashtirish” mavzusida oʻquv kursining ochilish marosimi oʻtkazildi. Unda “Davergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi vakili Gulichehra Abdullayeva, “Geoinnovatsiya markazi” davlat unitar korxonasi direktor oʻrinbosari Dmitriy Lem hamda YETIning Toshkentdagi filiali direktori professor Toshko Krastev ishtirok etdi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur oʻquv kursi YETIning t.f.n professor Ivan Kunchev va Elena Zlatkova tomonidan olib boriladi. Oʻquv mashgʻulotlari joriy yilning 26 noyabrga qadar davom etadi.
Oʻquv kursini oʻtkazilishidan koʻzlangan asosiy maqsad, geodeziya, kartografiya, geoaxborot tizimlari boʻyicha xodimlarning malakasini oshirish, jahon mamlakatlari tajribasini oʻrganish, shuningdek, nazariy va amaliy bilim hamda koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan. Kurs soʻnggida testdan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilarga YETI tomonidan sertifikatlar taqdim etiladi. Mazkur sertifikat yurtimizda hamda Yevropa ittifoqining barcha mamlakatlarida amal qiladi.
O’zA