8 dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
“Yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.”
Oʻzbekiston Respublikasining
Konstitutsiyasi, 55-modda.
Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanidagi 29-umumtaʼlim maktabining “Yosh biologlar” toʻgaragi aʼzolari Qorovultepa suv omboriga ekskursiya qildi.
Qorovultepa suv ombori yurtimiz hayvonot va nabotot olamining noyob turlarini asrab kelayotgan tabiat maskanlaridan biridir. Koʻl va koʻl atrofida oʻlkamizda doimiy yashovchi, mavsumiy va qoʻnib oʻtuvchi qushlarning Qizil kitobga kiritilgan koʻplab turlari uchraydi.
Suv omborida baliqxoʻr qushlarning 10 ga yaqin turi yashaydi. Ilgari bu yerda kam uchraydigan qorabuzov, oqbosh oʻrdak, olaqanot oʻrdak, qashqaldoq, chagʻalay, oq dumli burgut, suvqirgʻiy, qiziltomoq gʻozlar endilikda ancha koʻpaydi.
Toʻgarak rahbari, biologiya oʻqituvchisi X.Ochilov oʻquvchilarga qushlarning hududda doimiy yashovchi, mavsumiy keluvchi, qoʻnib oʻtuvchi turlari, ularning oʻziga xos jihatlari haqida tushuntirib berdi. Yosh orintologlar qushlar sanogʻini aniqlashga harakat qildi. Ularni suratga oldi.
– Tabiat qoʻynida oʻtkazilgan koʻrgazmali mashgʻulotda Bosh qomusimizda tabiat va uning boyliklarini himoya qilish belgilab qoʻyilgani haqida alohida toʻxtalib oʻtdik, – deydi X.Ochilov. – Oʻquvchilar mamlakatimizda tabiatni muhofaza qilishga qaratilayotgan alohida eʼtibor tufayli Qorovultepa suv havzasida qushlar va boshqa jonivorlar koʻpayib borayotganini oʻz koʻzi bilan koʻrishga imkoniyat yaratilganidan xursand boʻldi.
Yoshlarning tabiat va uni muhofaza qilish haqidagi bilimini boyitishga qaratilgan taʼlim-tarbiya ishlari viloyatdagi Aydar-Arnasoy koʻllari, Jizzax suv ombori yaqinida joylashgan taʼlim muassasalarida ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Masalan, Forish tumani markazida – Aydar-Arnasoy koʻli yaqinidagi Band shaharchasi hamda Qizilqum qoʻrgʻoni hududidagi maktablarda bir necha yildan buyon yosh ornitologlar toʻgaraklari faoliyat koʻrsatayotir.
Bu toʻgaraklar bilan “Nurota” davlat qoʻriqxonasi, Aydar-Arnasoy koʻlidagi davlat bionazorat postlari, Oʻzbekiston qushlarni muhofaza qilish jamiyati oʻrtasida yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, tumandagi 4-, 12-umumtaʼlim maktablarining yosh ornitologlari qoʻriqxona xodimlari va Qushlarni muhofaza qilish jamiyati faollari bilan hamkorlikda Aydar-Arnasoy havzasining Tuzkon koʻlidagi 2-bionazorat posti hududida har yili qushlar sanogʻini oʻtkazishda ishtirok etib kelayotir.
Toshqul Beknazarov, OʻzA