Har yili 21 noyabr kuni “Jahon salomlashish kuni“ (World Hello Day) nishonlanadi. Bayramning asosiy maqsadi – tinchlik va xotirjamlikni saqlashda shaxsiy muloqotlarning muhimligiga eʼtibor qaratishdan iborat. Chunki kuch ishlatmagan holda, shaxsiy munosabatlar bilangina barcha muammolarni hal qilish mumkin. Salomlashish bayramini 1973 yilda amerikalik aka-ukalar Maykl va Brayen Makkomaklar oʻylab topishgan. Ular shu tariqa xalqaro keskinlikning kuchayishiga qarshi chiqishgan. Chunki oʻsha vaqtda Misr va Isroil oʻrtasidagi keskinlik oʻzining avj nuqtasiga chiqqan edi.
Aka-ukalar oddiy, shu bilan birga, samarali harakat kerak, degan fikrga kelishdi va salomlar yozilgan maktublarni yer yuzining barcha burchaklariga yoʻllashdi. Ular dunyoda tinchlik oʻrnatish va keskinlikni yumshatish borasidagi kurashga qaratilgan oʻz fikrlarini hech kimga majburlab kiritishga urinishmadi. Ular faqat oʻzlari maktub yoʻllagan kishini kimgadir shu mazmunda salom maktubi yozishga chorlashdi, xolos.
Bu gʻoya 180dan ortiq mamlakatda qoʻllab-quvvatlandi. Shundan beri “Jahon salomlashish kuni“ barcha yoshdagi va kasbdagi fuqarolar, yirik siyosiy arboblar, yirik sanoat magnatlari, taniqli kino va televideniye namoyandalari tomonidan nishonlanadi. Har bir xalqning oʻziga xos salomlashish odatlari, anʼanalari mavjud. Shu bilan birga, xalqaro uchrashuvlarda davlat rahbarlarining salomlashish anʼanalari ham bor. Odamlar bir-birlari bilan uchrashganlarida, koʻrishganlarida oʻzaro sogʻliq va yaxshilik, ishlarida muvaffaqiyatlar tilashadi. Shu sababli bugungi bayram doʻstona salomlashish naqadar muhimligini eslatib turuvchi yana bir kundir. Aslida odamlar har kuni bir-birlariga tinchlik-xotirjamlik tilashi, salomlashishi kerak.
Xalqimiz tili bilan aytganda,Assalomu alaykum – Sizga tinchlik tilaymiz!
OʻzA