Malakali mutaxassislarga davlat tomonidan 60 ming dollar toʻlanmas ekan

Keyingi kunlarda chet eldan keladigan yuqori malakali mutaxassislarga davlat tomonidan 60 ming dollar oylik toʻlanar ekan, degan fikrlar keng tarqalmoqda. Bunga esa Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 7 noyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning malakali mutaxassislari tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror asos qilib aytilayotgan edi.
Adliya vazirligi bu xabarning mantiqsiz ekanni maʼlum qilib, OAVlarni ushbu qarorga notoʻgʻri sharh berishdan tiyilishiga chaqirmoqda. Ularning maʼlum qilishicha, yuqori oylik toʻlashni tashkilotlarning oʻzi hal qiladi, bu chet ellik mutaxassis va ish beruvchining oʻzlari hal qiladigan masaladir. Davlatning bu jarayonga aloqasi yoʻq.
Qarorning maqsadi bugungi kunda iqtisodiyotimizni rivojlantirish uchun zarur boʻlgan xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekistonga keng jalb qilish, jalb qilganda ham xorij davlatining har qanday fuqarosini emas, balki faqat malakali va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilishdir.
Oʻzbekistonga jalb qilinishi kutilayotgan xodimlar yuqori malakali va malakali chet el mutaxassislari deb ataluvchi ikkita kategoriyaga boʻlindi.
Buning asosiy sababi, agarda ushbu qarorda belgilangan mezonlarga mos keladigan chet ellik davlatimizdagi tashkilotlar taklifiga binoan mehnat qilish uchun kelsa va belgilangan talablarga javob bersa, ular bir qator imtiyozlarga ega boʻladi.
Bu imtiyozlar mamlakatimiz fuqarolari faoliyatiga, ularning maqomlariga yoki boshqa munosabatlariga umuman aloqasi boʻlmagan masalalardir. Jumladan, ushbu 2 ta kategoriyaga mos kelgan mutaxassis (yuqori malakali va malakali):
– Oʻzbekistonga kelish va ishlash uchun ruxsatnomalarni olishda yengilliklar belgilandi (oldin 2 ta ruxsatnoma olish kerak boʻlgan), ruxsatnomalar uchun toʻlovlar kamaytirildi, muddati 3 yilgacha uzaytirildi (avval har yilda bir marta qaytadan olishga majbur boʻlgan);
– oʻrindoshlik asosida Oʻzbekiston hududida ishlashi mumkin boʻldi;
– Oʻzbekistonga kelish uchun viza esa mehnat shartnomasida koʻrsatilgan muddatga beriladigan boʻldi, muddatni uzaytirish uchun chet elga chiqib, ariza berish shart emas, yaʼni Oʻzbekiston hududidan chiqib, keyin yana qaytib kirish majburiyati yoʻq;
– mehnat shartnomasi muddatiga xodimning oʻziga va oila aʼzolariga Oʻzbekistonda yashash huquqini beruvchi guvohnoma beriladi.
Yaʼni, ushbu keltirib oʻtilgan va qarordagi boshqa imtiyozlar manzilli ravishda Oʻzbekiston uchun eng kerakli mutaxassislarni jalb qilish uchun belgilangan. Bu tajriba koʻplab mamlakatlarda joriy etilgan.
Oladigan maosh miqdori va boshqa yuqori talablar esa, Oʻzbekistonda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari, investorlar yoki boshqa tashkilotlar tomonidan tartibsiz ravishda chet eldan har xil mutaxassislarni jalb qilishni oldini olish maqsadida kiritilgan.

 

OʻzA