Sovuq kunlar boshlandi deguncha aholining tabiiy gazga boʻlgan ehtiyoji har doimgidan ham koʻproq ortadi. Xonadonlarni isitishda gazdan maqsadsiz foydalanish va yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish holatlari joylarda hamon kuzatilmoqda. Bularning barchasi gazdan zaharlanish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar koʻpayishiga olib kelmoqda.
Poytaxtimizning Chilonzor tumanida sodir boʻlgan is gazidan oʻtkir zaharlanish bilan bogʻliq ayanchli holat barchamizning qalbimizni larzaga soldi. Ushbu holatning asosiy sababi aslida nima edi?
Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan kuz-qish mavsumida aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilgʻi mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlash hamda bu borada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumanida bu haqda toʻxtalib oʻtildi.
Mutasaddilar fikriga koʻra, Chilonzor tumanidagi is gazidan oʻtkir zaharlanish holatiga xonadon yertoʻlasida notoʻgʻri oʻrnatilgan isitish moslamasi sabab boʻlgan. Gaz yonishi uchun maʼlum bir miqdorda havo boʻlishi zarur. Chilonzordagi xonadon yertoʻlasida isitish moslamasi (qozon) normal holatda ishlashi uchun havo yetarlicha aylanmagan. Natijada sizib chiqqan gaz fuqarolarni oʻtkir zaharlagan.
Joriy isitish mavsumida aholining is gazidan zaharlanishi bilan bogʻliq qator holatlar qayd etilmoqda. Jumladan, 2018 yil 15 noyabr kuni holatiga koʻra, respublikada 31 is gazidan zaharlanish va gazdan chaqnash bilan bogʻliq favqulodda vaziyat qayd etilib, ularda 101 nafar fuqaro jabrlangan. Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qoʻlbola va nostandart gaz moslamalaridan foydalanish, gaz kommunikatsiyalariga rezina shlanglar orqali ulanish, moʻrilarning nosozligi hamda shamol yaxshi aylanmaydigan binolarni gaz uskunalari yordamida isitish bunga sabab boʻlayotir.
Tadbirda taʼkidlanganidek, is gazidan zaharlanish hamda havo-gaz aralashmasi chaqnashi bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ushbu holatlarda toʻgʻri harakat qilish maqsadida, avvalo, isitish mavsumi boshlanishi oldidan pechlar, qozonxonalar, suv isitish kolonkalarining sozligi, moʻrikonlarning tozaligini tekshirish zarur. Nosoz, nostandart, qoʻlbola yasalgan isitish va gaz moslamalaridan foydalanishga aslo yoʻl qoʻymaslik kerak.
Bunday holatlarning oldini olish uchun doim hushyor boʻlish, isitish vositalari boʻlgan gaz va koʻmirdan foydalanishda belgilangan qoidalarga qatʼiy amal qilish maqsadga muvofiq. Shunda xavfsizligingiz taʼminlanadi.
Anjuman davomida tegishli idoralar tomonidan is gazi sizib chiqishini aniqlaydigan, favqulodda holatlarni oldini olishga koʻmaklashuvchi gazosignalizator moslamasini amaliyotga tatbiq etish ishlari olib borilayotgani haqida toʻxtalib oʻtildi. Ushbu qurilmani Oʻzbekistonda ham ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda.
Nurillo Nasriyev, OʻzA