Floyd Meyvezer ishonchini oqlagan oʻzbek oʻgʻloni dekabr oyida ringga koʻtariladi

Soʻnggi vaqtlarda dunyoning bir qator nuqtalarida oʻzlarining professional boksdagi faoliyatlarini aʼlo darajada olib borayotgan oʻzbek oʻgʻlonlarining dovrugʻiga barcha guvoh boʻlmoqda.
Ana shunday bokschilardan biri mashhur charm qoʻlqop ustasi Floyd Meyvezer bilan hamkorlik qilayotgan Sanjarbek Rahmonovdir.
Sanjar oʻzining oʻn uchinchi jangini joriy yilning 7 dekabr kuni Las-Vegas shahridagi “Samʻs Town Hotel & Gambling Hall” saroyida oʻtkazadi. Hozircha unga kim raqib boʻlishi aniq boʻlganicha yoʻq. Biroq bokschimizga kim raqib boʻlishidan qatiiy nazar mazkur jang shiddatli oʻtishi aniq.
Bunga sabab S.Rahmonov oʻzining 12-jangida amerikalik Markus Teylorga qarshi ringga koʻtarilib, 8 raund davom etgan bahsda ochkolar hisobida magʻlubiyatga uchradi. Shu sababli ham NABF chempionlik kamari sohibi Sanjar Rahmonov ringga faqat gʻalaba uchun koʻtariladi.
Eslatib oʻtamiz, faoliyati davomida 12 marta ringga koʻtarilgan va 10 marotaba raqiblarini yer tishlatgan. Bir jangda durrang qayd etgan.
Shuningdek, 23 noyabr kuni yana bir umidli bokschimiz Anvar Turopov (4-1-0) Singapurda oʻzining oltinchi jangini oʻtkazadi. Anvar supar yengil vaznda indoneziyalik Jon Rubaga (17-4-1) qarshi bellashadi.

 

Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA