Biz, katta avlod vakillari oʻz bolaligimizni eslaganda, koʻpincha bogʻchaga borishda emas, qaytishda koʻproq xursand boʻlganimiz yodga tushadi. Bugungi yosh avlod aksincha, bogʻchaga oshiqadi. Albatta, zamonaviy, vaqtni quvnoq oʻtkazish uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan bogʻchaga kimning ham borgisi kelmaydi, deysiz. Quvonarlisi, kundan-kun koʻpayib borayotgan bunday muassasalar olis va chekka qishloqlarda ham bunyod etilayotir.
Jizzax viloyati Zarbdor tumani Shodlik mahallasidagi “Oq qayin” maktabgacha taʼlim muassasasida tarbiyalanuvchilar soni bundan ikki yil oldingiga nisbatan ikki barobar koʻpaygan. Bunga bogʻchaning toʻliq taʼmirlanib, sharoitlari yaxshilangani sabab boʻldi.
– Bogʻchada 548 million soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi, – deydi muassasa mudirasi Muhabbat Ochilova. – Hozir beshta asosiy va bitta qisqa muddatli guruhda 130 nafar bola tarbiyalanmoqda. Taʼmirlash davomida xonalar, oʻyin maydonchalari, oshxona zamonaviy jihozlanib, zarur buyumlar, oʻyinchoqlar bilan toʻliq taʼminlandi. Shuning uchun bolasini bizning bogʻchaga berishni istovchi ota-onalar koʻp. Muassasa ota-onalar ishonchi va bolalar mehrini qozonish uchun yaxshi sharoit bilan birga, tarbiyachilar, enagalar ham bilimli, malakali boʻlishi kerak. Bizning muassasada aynan shu talabga javob beradigan jamoa shakllantirilgan. 9 nafar tarbiyachidan 5 nafari oliy maʼlumotli, katta tajribaga ega pedagoglar. Oʻrta maxsus maʼlumotli toʻrt nafar tarbiyachi ham pedagogika yoʻnalishida oliy taʼlim muassasalarida sirtdan tahsil olayotir.
Tumanda hozir 13 davlat, 2 oilaviy va 1 davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyat koʻrsatmoqda. Ularga hududdagi maktabgacha taʼlim yoshida boʻlgan 8 ming 940 nafardan ziyod bolaning 1 ming 850 nafarga yaqini qamrab olingan.
– Bugungi kunda hududda bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olish 21 foiz, – deydi tuman maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri Moʻtabar Qobilova. – Bu avvalgi yillarga nisbatan yuqori boʻlsa-da, bugungi kun talablari darajasida emas. Ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligi ortayotgan paytda 74 nafargina bola nodavlat va oilaviy maktabgacha taʼlim muassasasiga borayotgani hech kimni qanoatlantirmaydi. Shuning uchun tumanimizda maktabgacha taʼlim muassasalarini koʻpaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga eng muhim vazifa sifatida qaralmoqda. Davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritadigan maktabgacha taʼlim muassasalari barpo etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Joriy yilda tumanda davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim muassasasi qurmoqchi boʻlgan tadbirkorlarga istisno tariqasida tanlov savdolarisiz davlat-xususiy sheriklik bitimini imzolashga ruxsat berildi. Maktabgacha taʼlim vazirligi, viloyat hokimligi hamda tadbirkorlar oʻrtasida shartnoma imzolandi.
Tuman hokimining qarori bilan Tinchlik mahallasida 100 oʻrinli “Mironshox-Amirshoh”, Toshkesgan qishlogʻida 100 oʻrinli “Sitora taʼlim”, Navroʻz mahallasida birdaniga ikkita – 125 oʻrinli “Kelajak gulshanlari”, 100 oʻrinli “CLEAR SKY” xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi barpo etish uchun yer maydoni va imtiyozli kredit ajratilib, qurilish ishlari boshlab yuborildi.
Har bir mahallaning, qishloqning oʻz bogʻchasi, baʼzilarida esa hatto 2 tadan shunday muassasa boʻlishi ikki yil ilgari ham ushalmas orzudek edi. Ammo, bugun markazdan ancha olis hududlarda, masalan, Zarbdor tumanining Navroʻz kabi qishloqlarida bu amalda roʻy berayotir. Bogʻchaning koʻpayishi raqobatni yuzaga keltirishi, ota-onalarda esa tanlash imkoniyatini oshirishi tabiiy.
Toshqul Beknazarov, OʻzA