Xotin-qizlar qoʻmitasi Oʻzbekistonda ayollarning siyosiy faolligini oshirish uchun nimalar qilmoqda?

“City Palace“ mehmonxonasida BMTning “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida“gi Konvensiyasi (CEDAW) boʻyicha qoʻmitaning tavsiyalari bajarilishi yuzasidan davra suhbatida Tanzila Norboyeva Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasining amalga oshirgan ishlari boʻyicha maʼruza qildi. U oʻz maʼruzasida yurtimizda ayollarning siyosiy faolligi boʻyicha qilinayotgan ishlar haqida ham qisqacha maʼlumot berib oʻtdi. Unga koʻra, endilikda ayollarning siyosiy faolligini oshirish boʻyicha Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.
“Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi rahbariyatida faoliyat yuritgan Gulnoza Rahimova bugun Markaziy saylov komissiyasida ishlamoqda. U men bilan yurtimiz boʻylab koʻpgina yigʻilishlarda ishtirok etgan va joylarda muammolarni oʻrganishda birga ishtirok etgan. Aytmoqchi boʻlganim, u joylardagi vaziyatni yaxshi biladi. Xotin-qizlar qoʻmitasi, jamiyatimizdagi ayollar muammolari boʻyicha yaxshi tajribaga ega. Shuning uchun men uni Markaziy saylov komissiyasiga ishga oʻtganidan xursandman. Biz ayollarni siyosiy faolligini oshirish boʻyicha Gulnoza Rahimova va MSK bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqdamiz. Tez orada MSK bilan memorandum imzolaymiz. Ayollarni saylovga tayyorlash, ularni oʻqitishni yoʻlga qoʻyishni maqsad qilganmiz”, deydi Tanzila Norboyeva oʻz maʼruzasida.

 

OʻzA