Mamlakatimizda yetishtirilayotgan kartoshka aholining isteʼmol talabini qondirish uchun yetarli emas. Har yili 12-15 ming tonna kartoshka urugʻi xorijdan keltiriladi. Bu kartoshka yetishtirishga oid ilgʻor texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, nav tanlash, kartoshka urugʻchiligi boʻyicha logistika yaratish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirishni taqozo etadi.
Andijon viloyati Oltinkoʻl tumanida Yevropa ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida oʻtkazilgan tadbirda shu haqda maʼlumot berildi.
Kartoshkachilikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, kartoshka urugʻini saqlashga moʻljallangan muzlatgich omborxonaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Soha mutaxassislari, fermer xoʻjaliklari rahbarlari, Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali olimlari va talabalar ishtirok etgan tadbirda mazkur loyiha doirasida viloyatda kartoshka yetishtirish, saqlash, sohaga ilgʻor tajribalarni joriy etish, kartoshka urugʻchiligini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar natijalari muhokama qilindi.
Germaniya, Fransiya, Italiya va bolgariyalik mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha doirasida joriy yil fevral oyida Fransiyadan keltirilgan turli navdagi kartoshka urugʻlari Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Andijon ilmiy-tajriba stansiyasi, Jalaquduq tumanidagi “Tohirjonov Umidjon”, Buloqboshi tumanidagi “Ekoagroplyus” fermer xoʻjaliklari dalalarida sinovdan oʻtkazildi.
Oltinkoʻl tumanida “Innovatsion agroservis” kartoshkachilik kooperativi tashkil qilinib, uning bazasida kartoshka urugʻini saqlashga moʻljallangan 100 tonna sigʻimli muzlatgich omborxona barpo etildi.
– Toʻrt blokdan iborat omborxona qariyb 142 ming yevro miqdoridagi xorijiy uskunalar bilan jihozlandi, – deydi “Innovatsion agroservis” kartoshkachilik kooperativi direktori Murodjon Komilov. – Bu yerda isteʼmol uchun hamda urugʻlikka moʻljallangan kartoshkani alohida-alohida, yaʼni talab etiladigan meʼyor asosida saqlash imkoniyati yaratildi.
Tadbir doirasida Germaniyadan keltirilgan kartoshka kavlash uskunasi taqdimoti hamda yangi kartoshka navlari degustatsiyasi oʻtkazildi. Mutaxassislar mazkur uskuna imkoniyatlari, kartoshka navlari haqida batafsil maʼlumot berdi.
– Ikki yildirki, andijonlik dehqonlar bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz, – deydi fransiyalik ekspert Mishel Malet. – Toʻgʻri, viloyatda kartoshkachilik boʻyicha muayyan tajriba mavjud. Lekin agrotexnik tadbirlarni tashkil etish, ayniqsa, sugʻorish va turli zararkunandalarga qarshi kurash sohasida yetarli tajriba va infratuzilma shakllanmagani yuqori natijalarga erishishda toʻsiq boʻlmoqda. Biz mahalliy fermerlarga aynan shu ishlarni rivojlantirishda yordam beramiz.
Mazkur loyiha viloyatda kartoshka yetishtirish, ayniqsa, serhosil, sifatli yangi navlar yaratish, urugʻchilikni rivojlantirish, mazkur yoʻnalishdagi ilgʻor tajriba va texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish ishlarini yuksaltirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), OʻzA