Xitoy Xalq Respublikasi Oʻzbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri boʻlib, ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy aloqalar ildizlari qadim oʻtmishga borib taqaladi. Bugungi kunda ham ikki mamlakat oʻrtasida yuksak ishonch va mustahkam doʻstlik munosabatlari asosida har tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda. Mamlakatlar oʻrtasidagi ikki tomonlama, shuningdek, SHHT, “Bir makon – bir yoʻl” dasturi doirasidagi hamkorlik koʻlami kengayib, sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
2018 yilning 17 noyabr kuni Wyndham Tashkent mehmonxonasida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Xitoyshunoslik fakulteti va institut qoshidagi Konfutsiy nomidagi Oʻzbek-Xitoy instituti hamkorligida “Oʻzbekiston – Xitoy: tarixiy-madaniy, ilmiy va iqtisodiy aloqalar rivoji” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Xitoyshunoslikning dolzarb masalalariga bagʻishlab anʼanaviy tarzda 15-marotaba tashkil etilayotgan mazkur konferensiyada Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Chjan Venchuan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi boshqarma boshligʻi B.Ismoilov, Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universiteti vakillari, xalqaro tashkilotlar, turli vazirlik va idoralar vakillari, soha mutaxassislari, Konfutsiy nomidagi Oʻzbek-Xitoy instituti xodimlari,TDSHI rahbariyati, professor-oʻqituvchilar hamda tadqiqotchilar, yosh xitoyshunos talabalar ishtirok etdi.
Konferensiyada Oʻzbekiston va Xitoy munosabatlarining oʻziga xos xususiyatlari, mamlakatimizda xitoyshunoslik ilmining rivoji, xitoy tilini oʻrgatish va oʻrganish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, TDSHI Xitoyshunoslik fakulteti faoliyati haqida soʻz yuritildi. Shuningdek, Xitoyning nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish masalalari dolzarbligi taʼkidlandi.
Anjumanda, shuningdek bugungi kunda xitoy tilini oʻrganish yoshlar orasida ommalashayotgani taʼkidlanib, mamlakatimizdagi 7 ta oliy taʼlim muassasasida xitoy tili xorijiy til sifatida oʻqitilayotgani haqida maʼlumotlar berildi.
Xalqaro konferensiyada xitoyshunoslikning dolzarb masalalari muhokama qilinib, ishtirokchilar ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy-gumanitar, madaniy aloqalarning bugungi holati, tarixi va istiqbollarini muhokama qilishdi va hamkorlikning yangi, istiqbolli yoʻnalishlari yuzasidan oʻzaro fikr almashinildi.
Konferensiya yakuniga koʻra, Oʻzbekiston va Xitoy munosabatlarini yanada mustahkamlash, mamlakatimizda xitoyshunoslik ilmini rivojlantirish va bu yoʻnalishda malakali mutaxassislar tayyorlash masalalariga oid amaliy taklif va xulosalar ishlab chiqildi.
OʻzA