Poytaxtimizdagi 23-Mehribonlik uyida Ichki ishlar akademiyasi professor-oʻqituvchilari va tinglovchi-kursantlari ishtirokida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda yosh avlodni intellektual salohiyatli, mard va jasur qilib tayyorlash, ularning gʻoya va yutuqlarini qoʻllab-quvvatlash borasida samarali ishlar qilinayotganini taʼkidladi. Oʻzbekiston Respublikasi IIV akademiyasi faoliyati va kursant-tinglovchilarning hayoti toʻgʻrisidagi taqdimot namoyish etildi.
Tadbir doirasida akademiya oʻqituvchilari va tinglovchilari tomonidan Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan interaktiv savol-javoblar, kasb tanlashga oid psixologik treninglar oʻtkazildi. Tarbiyalanuvchilar oʻzlari qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Akademiyaning jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasi boshligʻi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan murabbiy, xalqaro toifadagi hakam, ikki karra jahon chempioni, professor Faxriddin Poʻlatov rahbarligida “Sport yoshlarni hayotda toblantiruvchi va salbiy illatlardan himoya qiluvchi asosiy vosita” mavzusida maʼruzasi tinglandi. Tarbiyalanuvchilarga kitoblar sovgʻa qilindi.
Tadbir davomida akademiya badiiy-havaskorlik toʻgaragi aʼzolari ishtirokidagi chiqishlar ham namoyish etilib, taʼlim muassasasi rahbariyatining taklifiga asosan taʼlim-tarbiya sohasida muammosi boʻlgan tarbiyalanuvchilar bilan suhbat oʻtkazildi hamda ularga amaliy yordam koʻrsatildi.
Gulnoza Boboyeva, OʻzA