Rasmiy: Zoyir Mirzayev Sharof Rashidov tumaniga hokim etib tayinlandi

Kuni kecha xalq deputatlari Sharof Rashidov tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Sessiya ishida tashkiliy masala koʻrildi, deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati bergan xabarda. 
Sessiyada viloyat hokimi E. Soliyev, viloyat prokurori I. Ergashxodjayev, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Gʻ.Qodirov, xalq deputatlari Sh.Rashidov tuman Kengashi deputatlari, tumandagi sektorlar rahbarlari ishtirok etdi.
Sessiyada viloyat hokimi Ergash Soliyev soʻzga chiqib, tumanni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar hamda tuman rahbariyati tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar toʻgʻrisida soʻz yuritdi.
Jumladan, tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan S.Ismoilovning ish tajribasi, mehnat faoliyati eʼtiborga olingan holda, ushbu lavozimga tayinlanganligini aytib, u faoliyatini dastlabki paytida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijtimoiy, qurilish, kommunal sohadagi mavjud muammolarni hal qilish, yechimini topish boʻyicha dasturlar ishlab chiqib, birmuncha ishlarni amalga oshirganligini taʼkidladi.
Biroq keyingi vaqtlarda uning bilim tajribasi yetarli boʻlishiga qaramay, uning ish faoliyatida sustkashlik, eʼtiborsizlik hamda qoʻyilgan vazifalarga yuzaki qarash, qoʻl ostidagilar, tuman korxona, tashkilotlari rahbarlari va faollarining fikrini inobatga olmaslik kabi salbiy holatlar paydo boʻlib, ustuvor masalalarga eʼtibor qaratish, kadrlarning, tuman faollarining boshini qovushtirish, ularni aniq maqsadlar uchun safarbar etish xususiyatlari sustlashib ketganini, eng asosiysi, ularni oʻz ortidan ergashtira olmaganini bayon qildi.
Bu oʻz navbatida tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatib, ayrim sohalarda oqosoqlikni keltirib chiqarganini maʼlum qildi. Deputatlar eʼtiboriga misollar keltirib oʻtildi.
Shundan soʻng S.Ismailovni Sh.Rashidov tumani hokimi lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi viloyati hokimining 2018 yil 7 noyabrdagi qarori deputatlarga oʻqib eshittirildi.
Ushbu masala ovozga qoʻyilib, deputatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.
Jizzax viloyati hokimi E. Saliyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining roziligi bilan Mirzayev Zoyir Toirovich nomzodini Sh.Rashidov tumani hokimi etib tayinlash toʻgʻrisidagi viloyat hokimining 2018 yil 7 noyabrdagi qarori qabul qilinganligi deputatlarga maʼlum qildi.
Shundan soʻng kun tabidagi masala yuzasidan muzokaralarga oʻtilib, tuman Kengashi deputatlari va tuman faollari oʻz fikrlarini bildirishdi.
Muzokaralardan soʻng Z.Mirzayevni Sh.Rashidov tumani hokimi lavozimiga tayinlash toʻgʻrisidagi Jizzax viloyati hokimining 2018 yil 7 noyabrdagi qarori ovozga qoʻyilib, deputatlar tomonidan toʻliq maʼqullandi.

 

OʻzA