Baxshisi bor elning bayramlari boqiy boʻladi

Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda baxshichilik va dostonchilik sanʼatini yangi bosqichda rivojlantirib, dunyoga keng tarannum qilish, jahon miqyosida baxshi-shoirlar nufuzini yanada oshirish yoʻlida beqiyos imkoniyat, qulay muhit yaratadi.
Xalqaro festivalning ming yillar davomida el suygan baxshi-shoirlarga beshik boʻlib kelayotgan Surxondaryo viloyati markazi – Termiz shahrida har ikki yilda bir marta oʻtkazilishi belgilangani mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, sermahsul ijod qilayotgan, izlanayotgan baxshi-shoirlarning faxr-iftixor tuygʻusini yanada yuksaltirdi. Bizgacha yashab, el dardi va quvonchini, mardlik, jasorat, olijanoblik, vafo kabi yuksak insoniy fazilatlarni yurakdan kuylab oʻtgan ustoz baxshi-shoirlarimizning ruhini shod etdi.
Davlatimiz rahbari baxshichilik, dostonchilik sanʼatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratayotganida chuqur maʼno bor. Zero, oʻtmishda ajdodlarimiz yaratgan nafis doston, terma, matal, lapar va boshqa xalq ogʻzaki ijodi yodgorliklari koʻp millatli xalqimizning umummilliy boyligiga aylangan. Yurtimizda oʻtkazilayotgan turli bayram tadbirlarida, toʻy-tomoshalarda “Alpomish”, “Kuntugʻmish”, “Goʻroʻgʻli”, “Rustamxon” kabi dostonlar va termalarni boshqa millat, elat vakillari sevib tinglayotgani, baxshi-shoirlarimizning goh maʼyus, goh shoʻx-shodon xatti-harakatlari ularda katta qiziqish uygʻotayotgani bunga yaqqol misoldir.
Prezidentimiz 2018 yil 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Termiz shahrida yangidan barpo etilgan baxshilar maktabida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, bir guruh baxshi-shoirlar bilan uchrashgan, baxshichilik sanʼatini yanada rivojlantirish, sohaga oid ilmiy anjumanlar, anʼanaviy baxshichilik festivallarini oʻtkazish yuzasidan tegishli vazifalar bergan edi. Shunga muvofiq, 2018 yil bahorida Termiz shahridagi zamonaviy 22-bolalar musiqa, sanʼat va baxshilar maktabida “Maʼnaviy-madaniy taraqqiyotga innovatsion yondashuvlar va baxshichilik sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzuida ilk respublika seminari oʻtkazildi. “Boysun bahori” folklor festivalida baxshi-shoir, oqin va jirovlar koʻrik-tanlovi tashkil etilib, gʻoliblar munosib ragʻbatlantirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 apreldagi “Baxshichilik va dostonchilik sanʼatini yanada rivojlantirish hamda takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, mamlakatimizda baxshichilik va dostonchilik sanʼatini yanada rivojlantirish hamda takomillashtirish boʻyicha 2018-2022 yillarga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Yoz faslida Oltinsoy tumanidagi soʻlim Katta Vaxshivor qishlogʻida baxshi-shoir, oqin va jirovlarning birinchi respublika festivali yuqori saviyada oʻtkazilgani ham barchaga bir olam quvonch ulashdi.
Mavridi kelganda bir narsani alohida taʼkidlash lozimki, bundan oʻttiz yillar ilgari biz, baxshilarning ajdodlardan meros qolgan doston va termalarni el orasida hozirgidek zavqu shavq bilan aytishimiz, baralla kuylashimiz uchun yetarli imkoniyat yoʻq edi. Endilikda yuksak badiiy ijod asosida yaratilgan nomoddiy meros durdonalarimizning qadimiy anʼanalarini rivojlantirib, asrab-avaylash davlat darajasidagi masalaga aylandi. Alpomishlar yurti – Surxondaryoda “Alpomish” dostoni yaratilganining ming yilligi keng nishonlandi. “Oʻzbekiston xalq baxshisi” unvoni taʼsis etildi, xalqimiz suygan dostonlarni nashr etish sifat jihatdan yaxshilandi.
Yoshlikdan baxshichilik sanʼatiga mehr qoʻyib, qashqadaryolik mashhur baxshi Qodir Rahimovga shogird tushganman. Ustozim 40 dostonni bilguvchi edi. Yana Goʻroʻgʻli Sultonning 40 yigitini 40 shahardan olib kelib, kuylar edi. Shunda yod biladigan dostonlari soni 80 ta boʻlgʻuvchi edi. Oʻzi ham 5 doston yozgan edi. Men u kishining “Alpomish”, “Avazxonning ota yurtiga borib kelishi”, “Malla savdogar”, “Kuntugʻmush”, “Suluvxon” singari 20 ga yaqin dostonini yod olganman. Oʻzim “Xondalli” degan doston yozib, chop ettirdim. Oʻtgan yillarda surxondaryolik Chori baxshi Umirov, Xoʻshboq baxshi Mardonaqulov ham ustoz sifatida menga sohaning koʻp siru sinoatini oʻrgatdi.
Ustozlarimizning aytishicha, qadimdan oʻlmas madaniy meros sifatida eʼzoz topib kelayotgan baxshichilik sanʼati yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va noyob qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalab, ularni yoshlikdan oʻzligini anglashga oʻrgatgan. Baxshi-shoir, oqin va jirovlar odamlar orasida ezgulik, maʼrifat shuʼlasini tarqatuvchi, ularni mardlik, halollik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni ulugʻlashga yetaklovchi insonlar sifatida alohida izzat-hurmatga sazovor boʻlgan.
Boy madaniy merosga ega viloyatimizda kelgusi yildan boshlab Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish yoʻlga qoʻyilayotgani bizni koʻproq izlanib, xalq ogʻzaki ijodining qadimiy anʼanalarini yanada kengroq tiklashga, oʻqib-oʻrganishga daʼvat etishi bilan ham ahamiyatlidir. Mazkur festivalning tashkil etilgani sohaga qiziqish bildirayotgan yosh avlod uchun zamonaviy oʻquv qoʻllanmalar yaratish, nodir xalq dostonlari va termalarini nafaqat mamlakatimiz ilmiy xodimlari, balki xorijliklar ham audio, video hamda matnda yozib olishi, chop etishi, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishida muhim ahamiyat kasb etadi. Yurtimiz dovrugʻi yanada oshadi.
Bir paytlar ushalmas orzudek tuyulgan bunday yirik tadbirga asos solinganidan ruhlanib, Termiz shahrida kelgusi yilning 5-10 aprel kunlari oʻtkaziladigan xalqaro baxshichilik sanʼati festivaliga viloyatda hozirdan tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi. Bu ishlarni muvofiqlashtiradigan shtab tashkil etilgani ham ayni muddao boʻldi. Festival doirasida Termiz shahridagi “Surxondaryo sanʼat saroyi” davlat muassasasi maydoni hududida baxshichilik sanʼatiga oid turli koʻrgazmalar, milliy sozlar, liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy, amaliy sanʼat asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio-video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi va sotuvi tashkil etiladi. Eng nafis, eng goʻzal dostonlar, termalar kuylanib, gʻoliblar aniqlanadi. Bu kabi ulugʻvor ishlar Vatanga munosib, ajdodlar anʼanasiga sodiq shogirdlar tayyorlashda, yuksak maʼnaviyatli yosh avlodni tarbiyalashda bizga yangi kuch, ilhom bagʻishlamoqda. Bularning barchasi asrlar davomida ajdodlarimiz asrab-avaylab, rivojlantirib kelgan baxshichilik va dostonchilik sanʼatiga davlatimiz, hukumatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan eʼtiborning yorqin ifodasidir.
Shodmon Xoʻjamberdiyev,
Oʻzbekiston Respublikasi xalq baxshisi.

 

OʻzA