Oʻzbekistonda baliqchilik xoʻjaliklari yanada rivojlanadi

Prezident qarori bilan baliqchilik xoʻjaliklariga imtiyozlar taqdim etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 noyabrda “Baliqchilik sohasi rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjat bilan baliqchilikni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan 50 million AQSH dollari miqdorida “Ipoteka bank” ATIBning ustav kapitalidagi davlat ulushi oshirildi.
Tijorat banklari tomonidan 2019-2020 yillarda ajratilayotgan kredit foizi uchun Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya berishning tartibi oʻrnatildi. Xususan, aylanma mablagʻlarni toʻldirishga tijorat banki tomonidan oʻrnatilgan kredit stavkasining 25 foizi miqdorida, naslli ona baliq va baliq uvildirigʻi, yopiq suv aylanma tizimi, qafas (sadok) qurilmalarida va boshqa intensiv usullarda baliq yetishtirishni tashkil etish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, inkubatsiya sexlari va reproduktorlarni tashkil etish, hovuzlar qurish va qayta taʼmirlash, maxsus texnika va boshqa asosiy vositalarni xarid qilish hamda barpo etish uchun tijorat banki tomonidan oʻrnatilgan kredit stavkasining 50 foizi miqdorida.

 

OʻzA