Prezidentimizning joriy yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2019 yil 5-10 aprel kunlari Termiz shahrida oʻtkaziladigan xalqaro baxshichilik sanʼati festivaliga puxta tayyorgarlik koʻrish boʻyicha Surxondaryo viloyatida shtab tashkil etildi.
Shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan yigʻilishda viloyat hokimi oʻrinbosarlari, mutasaddi boshqarmalar rahbarlari, baxshilar, rejissyor va ssenaristlar, yozuvchi va shoirlar, tarixchi olimlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda mamlakatimizda nomoddiy madaniy meros durdonalarini qayta tiklab, rivojlantirish, yosh isteʼdod sohiblarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, ragʻbatlantirish yuzasidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklar qadimiy baxshichilik va dostonchilik sanʼatini yangi bosqichda yuksaltirib, jamiyatda baxshi-shoirlar ijodining nufuzini yanada oshirishda muhim omil boʻlayotgani alohida taʼkidlandi.
Milliy qadriyatlarimizni tiklab, yuksak badiiy ijod asosida yaratilgan nomoddiy meros durdonalarining qadimiy anʼanalarini rivojlantirishga qaratilayotgan bunday eʼtibor asnosida Surxondaryo viloyatida “Alpomish” dostoni yaratilganining ming yilligi keng nishonlanib, Vatanimizda “Oʻzbekiston xalq baxshisi” unvoni taʼsis etilgani ham bunga yaqqol misoldir. Baxshi va dostonchilar ijodining eng yaxshi namunalarini targʻib qilib, el suygan dostonlarni nashr etish yoʻlga qoʻyilgani, Termiz shahrida baxshilar maktabi tashkil etilgani, joriy yilda Oltinsoy tumanida baxshi-shoir, oqin va jirovlarning respublika festivali oʻtkazilgani ham mazkur sohaga koʻrsatilayotgan eʼtibor namunasidir.
Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda “Oʻzbekiston xalq baxshisi” unvoni bilan taqdirlangan 80 ga yaqin baxshi, oqin va jirovlarning 8 nafari surxondaryolik boʻlib, ayni paytda ular Vatanga munosib shogirdlar tayyorlash, yuksak maʼnaviyatli yosh avlodni tarbiyalashga munosib hissa qoʻshmoqda. Kelgusi yil bahor faslida Alpomishlar yurtida boʻlib oʻtadigan xalqaro baxshichilik sanʼati festivali ajdodlardan meros qolgan noyob bu sanʼatni dunyoga keng tarannum etishda muhim oʻrin tutadi. Bunday ezgu ish viloyatda mazkur tadbirga hozirdan qizgʻin tayyorgarlik koʻrishga undadi.
Xalqaro festivalni yuksak saviyada oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston xalq baxshilari va olimlar, soha mutaxassislarining taklif va tavsiyalari tinglandi. Termiz shahridagi zamonaviy 22-bolalar musiqa, sanʼat va baxshilar maktabi kutubxonasini kitob hamda qoʻllanmalar bilan boyitish, musiqa asboblari bilan jihozlash, nodir xalq dostonlari va termalarini audio, video hamda matnda yozib olish, Sherobod dostonchilik maktabi asoschisi boʻlgan Sherna baxshi mangu qoʻnim topgan qabristonni obodonlashtirish kabi masalalar boʻyicha atroflicha fikr almashildi. Tegishli vazifalar belgilab olindi.
Yigʻilishda Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi B.Poʻlatov soʻzga chiqdi.
Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA muxbiri