Qiziq? Sotuvchilar oʻzi sotayotgan mana shunday sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarini oʻz oila aʼzolariga ham isteʼmol qilish uchun olib borisharmikan?
Fargʻona viloyati Buvayda tumani “Elobod” MFY “Mevazor” koʻchasida yashovchi fuqaro N.Toshnazarovaning tuman Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga, Buvayda qishlogʻi markazida joylashgan savdo doʻkonidan sotib olgan oziq-ovqat mahsuloti (lagʻmon va qatiq) sifatsizligidan norozi boʻlib bildirgan murojaati tuman isteʼmolchilar huquqlarni himoya qilish jamiyati, tuman Davlat soliq inspeksiyasi, tuman DSENM xodimlari ishtirokidagi tarkibda tuzilgan ishchi guruh tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi va “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlari asosida oʻrganildi.
Oʻrganuv jarayonida Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunining 12-moddasi (Isteʼmolchining tovar (ish, xizmat) xavfsiz boʻlishiga talab qoʻyish huquqi) talablari buzilganligi maʼlum boʻldi.
Shuningdek, murojaatga asosan savdo doʻkonidagi choʻzma lagʻmon mahsuloti koʻrilganda tovarning asosiy isteʼmol xossalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qadoqda koʻrsatilmaganligi kuzatildi, vaholanki, bu Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunining 6-moddasi (Tovar (ish, xizmat)lar toʻgʻrisidagi maʼlumot) hamda 11-moddasi (Ishlab chiqaruvchi (ijrochi)ning kafillik majburiyatlari) talablari buzilganligini koʻrsatadi. Shuning bilan birgalikda, isteʼmolchi xaridi uchun sotuvchi tomonidan kassa yoki tovar cheki berilmasdan sotilgan. Bu esa yuqoridagi qonunning 10-moddasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qonunchiligi talablari ijrosi taʼminlanmaganligini bildiradi.
Oʻrganish davomida aniqlangan holat va toʻplangan hujjatlarni qonuniy koʻrib chiqish uchun tuman Prokuraturasiga yuborildi.
Bahromjon Boyqoʻziyev
Buvayda tumani isteʼmolchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyati mutaxassisi
OʻzA