Joriy yilning 19-21 noyabr kunlari Toshkent shahrida ilk marta turizm sohasida birinchi xalqaro investitsion forum boʻlib oʻtadi.
Bugun jahonda sayyohlik mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, u bilan bogʻliq infratuzilmani bevosita va toʻgʻridan toʻgʻri ravnaq toptirishning muhim omili sanalmoqda. Ayni paytda sayyohlik sohasiga transport, ijtimoiy, xizmat koʻrsatish sohalarini jadal taraqqiy ettirishning asosi sifatida yondashilmoqda. Madaniy, tarixiy merosga, tabiiy resurslarga gʻoyat boy boʻlgan Oʻzbekistonda sayyohlik sohasida hali ishga solinmagan imkoniyatlar, salohiyatlarning mavjudligi turizmni kelgusida yanada rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi.
Turizm sohasidagi mazkur yirik xalqaro investitsion anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Tashqi ishlar, Tashqi savdo vazirliklari, mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida oʻtkaziladi.
Turizm sohasida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, mazkur sohaga toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish, sayyohlik yoʻnalishida faol sarmoyadorlar va turoperatorlar oʻrtasida yurtimizning turizm salohiyatini kengroq targʻib etish mazkur forumning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Forumda Osiyo, Yevropa mamlakatlari, xalqaro moliya institutlari, xorijiy investorlar, turizm boʻyicha xalqaro tashkilotlar, yetakchi kompaniyalar, ekspertlar, mutaxassislarning ishtirok etishi kutilmoqda.
Xalqaro tadbirda yurtimizning sohaga oid salohiyati, bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan islohotlar, sayyohlik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar xususida atroflicha maʼlumotlar beriladi. Shu bilan birga yurtimizdagi yirik muzeylar, turistik kompaniya va tashkilotlar, madaniy-maʼrifiy muassasalar, transport-logistik tashkilotlari, sugʻurta kompaniyalari oʻz faoliyati va xizmatlari haqida ishtirokchilarni atroflicha xabardor etadi.
Forum doirasida qatnashchilarga turizm sohasidagi investitsion loyihalar, shuningdek, “Chorvoq“, “Samarkand city”, “Qadimiy Buxoro“ turistik hududlari, Surxondaryo viloyatida kichik turistik hududlarga oid loyihalar bilan tanishishi uchun imkoniyat yaratiladi. Bevosita joylarga tashriflar qatnashchilarning yurtimizga oid tasavvurini tobora boyitishga xizmat qilishiga shubha yoʻq.
Forum doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirishga doir koʻplab bitim va memorandumlar imzolanishi kutilmoqda.
N.Usmonova, OʻzA