Qoʻqonda nufuzli oliy oʻquv yurtining filiali ish boshladi

Yaqinda ish boshlagan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qoʻqon filialiga 125 nafar yoshlar talabalikka qabul qilindi.
Respublikamiz hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bugungi kunda muhim vazifalardan biridir. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 sentyabrdagi “Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universitetining Qoʻqon filialini tashkil etish toʻgʻrisida” qarori asosida Qoʻqon shahrida tashkil etilgan mazkur filial ham ana shu ishlarning amaliy samarasidir. Filial hududlarda ham sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish va sifatini yaxshilash maqsadiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
– Filialimizda 2018/2019 oʻquv yili uchun talabalar kontingenti Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida doimiy yashayotgan, respublika oliy taʼlim muassasalariga belgilangan taʼlim yoʻnalishlarining mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlariga hujjat topshirgan va test sinovlari natijalariga koʻra oʻqishga kira olmagan, biroq toʻplagan ballari eng yuqori ballning 30 foizidan kam boʻlmagan abituriyentlar hisobidan toʻlov-kontrakt asosida shakllantirildi, – deydi Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universitetining Qoʻqon filiali direktori Turobjon Sadriddinov. – Ayni kunlarda talabalarni oʻz mutaxassisliklari boʻyicha yetarli bilim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda, zarur oʻquv adabiyotlar, zamonaviy oʻquv-laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan taʼminlash ishlari olib borilmoqda.
Oʻquv maskanida talabalar elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari, elektronika va asbobsozlik, materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi, texnologik mashinalar va jihozlar va elektron apparaturalar ishlab chiqarish texnologiyasi kabi 5 ta taʼlim yoʻnalishida tahsil olmoqda.

 

M.Sulaymonov, OʻzA