“Raqamli demokratiya”ning jamiyat hayotidagi oʻrni qanday?

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Oʻzbekistonda “raqamli demokratiya”ning shakllanishi va rivojlanishi” mavzusida seminar oʻtkazildi.
Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitalari hamkorlikda tashkil etgan tadbirda mutaxassislar tomonidan axborot va soʻz erkinligini taʼminlash, davlat qarorlarini qabul qilishda fuqarolarning siyosiy ishtirokini faollashtirish uchun zarur axborot muhitini shakllantirish, mamlakatimizda demokratiyani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yurtimizda xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof qilingan demokratik standartlarga javob beradigan fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va koʻrib chiqishning oʻziga xos tizimi yaratilgani muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Qisqa vaqt ichida davlat elektron xizmatlarining joriy etilishi, virtual makonda jamiyatni oʻylantiradigan muhim masalalarning fuqarolar muhokama qilishi uchun elektron maydonlarning paydo boʻlishi va davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida ularning faoliyati boʻyicha batafsil maʼlumotlar tizimli eʼlon qilinishi kundalik hayotimizdagi odatiy tajribaga aylandi. Shu munosabat bilan bu kabi rivojlanish istiqbollarini baholash, demokratik islohotlarni amalga oshirish jarayonlarini takomillashtirish maqsadida axborot infratuzilmasini samarali rivojlantirish yoʻnalishlarini belgilash dolzarb masalalardan hisoblanadi.
– Ushbu sohada davlatimizning amalga oshirayotgan ishlari fuqarolarning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirokini taʼminlamoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Toʻxtaboyev. – Shuningdek, bu jarayon axborot olish erkinligini taʼminlash uchun ragʻbatlantiruvchi muhitni yaratishga xizmat qiladi. Joylarda uchrayotgan turli masalalar yuzasidan aholi joʻnatayotgan elektron murojaatlarga oʻz vaqtida javob berish, muammolarni bartaraf etishga qaratilgan saʼy-harakatlar davlat tashkilotlari va fuqarolarni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi.
Seminarda soha xodimlari tomonidan Oʻzbekistondagi fuqarolik jamiyati institutlari foydalanadigan eng yangi elektron servis va xizmatlar haqida maʼlumot berildi. Xususan, “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar elektron portali, deputatlar virtual qabulxonalarining faoliyat yuritishi, zamonaviy AKT vositalarining saylov jarayonlariga joriy qilinishi va shu kabi koʻplab masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Abdulaziz Musayev, OʻzA