Boks boʻyicha Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi aʼzolari Qozogʻiston va Qirgʻizistonda oʻtgan turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Qozogʻistonning Jezkazgan shahrida oʻtkazilgan xalqaro turnirda Abror Turgʻinboyev oʻz vazn toifasida kumush medalni qoʻlga kiritgan boʻlsa, Begzodjon Serimbetov terma jamoamizga bronza medalini keltirdi.

Ayagoz shahrida yettinchi marotaba tashkil etilgan “Tuleutay Sulaymon“ turnirining final uchrashuvida hamyurtimiz Shohrux Roʻziboyev 46 kilogramm vaznda qozogʻistonlik Erasul Sembekovni 3:0 hisobida yengdi va oltin medal bilan taqdirlandi. Gʻani Murodqosimov oʻz vazn toifasida bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Yosh charm qoʻlqop ustalarimiz Chimkent shahrida oʻtgan boks musobaqasida bittadan kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritdi.

Musobaqada vazni 57 kilogramm boʻlgan hamyurtimiz Shomsherbek Mirzabekov final uchrashuvida qirgʻizistonlik Sirojiddin Abdullayevga imkoniyatni boy berib qoʻydi va kumush medal bilan taqdirlandi. Yana bir vakilimiz Shohjahon Abdullayev esa turnirning bronza medaliga sazovor boʻldi.

Qirgʻizistonning Jalolobod shahrida oʻtkazilgan xalqaro turnirning vazni 81 kilogramm boʻlgan bokschilar oʻrtasidagi final jangi ikki hamyurtimiz – Ibrohim Ortiqov va Azimjon Abdullayev oʻrtasida oʻtdi. Unda Ibrohimjonning qoʻli baland keldi.

Vazni 52 kilogramm boʻlgan Bekzod Turdialiyev finalda mezbonlar vakili Doston Umatbekovni magʻlub etib, oltin medalga sazovor boʻldi.

Shuningdek, mazkur musobaqada oʻz vazn toifalarida finalga qadar muvaffaqiyatli ishtirok etgan Ilhom Ismoilov, Alisher Burhonov, Timurbek Dehqonov oʻz vazn toifalarida kumush medalni qoʻlga kiritgan boʻlsa, yana bir vakilimiz P.Habibullayev bronza medal bilan taqdirlandi.

 

Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA