Turnirda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Rossiya jamoalari oʻzaro kuch sinashishadi.
Yana bir kundan soʻng poytaxtimiz Toshkentda 14 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasida “Hamdoʻstlik Kubogi-2018” xalqaro turniri start oladi.
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Toshkentning “Spartak” klubi hamkorligida tashkil etilayotgan musobaqada yurtimiz jamoalari bilan birga qoʻshni Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Rossiya davlatlarining vakillari ishtirok etishadi.
Uch guruhga boʻlingan holda oʻtadigan turnirda vatanimiz sharafini “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv” klublari tarbiyalanuvchilari, “Spartak” futbol maktabining ikkita jamoasi himoya qilishsa, qolganlarini “Ontustik akademiyasi” (Qozogʻiston), 8-BJMORSM (Qozogʻiston), “Akademiya YUG” (Qirgʻiziston), “Ilbirs” (Qirgʻiziston), “Guliston” (Tojikiston), “Xoʻjand” (Tojikiston) hamda DYUSSHKBGO (Rossiya) jamoalari tashkil etmoqda.
“Milliy” stadionning mashgʻulotlar maydonida oʻtadigan Xalqaro turnir 2-noyabr kuni start oladi va 7-noyabrga qadar davom etadi.
Oybek Yunusov, O’zA