Oʻzbekistonda Yaponiya kompaniyalari bilan qoʻshma loyihalar amalga oshiriladi

Tokioda oʻtkazilgan Oʻzbekiston-Yaponiya, Yaponiya-Oʻzbekiston iqtisodiy hamkorlik qoʻmitalarining navbatdagi majlisi doirasida mamlakatimiz ishbilarmon doiralari va Yaponiyaning “Mitsubisi Korporeyshn”, “Atomiks” kabi kompaniyalari, xalqaro hamkorlik agentligi oʻrtasida energetika, neftgazkimyo, yengil sanoat sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan hujjatlar imzolandi. 
photo5388599955817605404.jpg
Bu haqda Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi maʼlum qildi.
Shuningdek, Yaponiyaning xalqaro hamkorlik banki (JBIC) bilan telekommunikatsiya sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishilgan. Bundan tashqari Markaziy bank Sumitomo Mitsiu banki bilan hamkorlik bitimini imzolagan.
Majlisda tomonlar ikki mamlakat tadbirkorlari oʻrtasida aloqalarni faollashtirish va oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha ham muzokara olib borgan.
Ushbu tadbir Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi koʻmagida oʻtkazilgan boʻlib, unda Yaponiya tomonidan “Mitsubisi”, “Marubeni”, “Sumitomo”, “Itochu”, “Toyota”, “Kavasaki”, “Sojits Korporeyshn”, “Mitsui”, “Nissan”, “Xitachi” kabi 50 dan ziyod yetakchi kompaniyalar, banklar vakillari ishtirok etgan.
Maʼlumot oʻrnida, joriy yilning yanvar-sentyabr holatiga koʻra, Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi savdo aylanmasi 300 million dollardan ziyodni tashkil qilgan. Bugungi kunda yurtimizda kunchiqar mamlakat sarmoyasi ishtirokida 7 kompaniya, 17 korxona neftgaz, kimyo, mashinasozlik, transport logistikasi xizmatlari, turizm kabi sohalarda faoliyat koʻrsatmoqda.

 

Malohat Husanova, OʻzA