OʻFA Germaniyaning “JAKO” kompaniyasi bilan hamkorlik boʻyicha shartnoma imzoladi

Ushbu kompaniya endilikda turli yoshdagi terma jamoalarimiz uchun boshdan-oyoq ekipirovkalar yetkazib beradi.

Bugun Milliy olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda “JAKO” kompaniyasi tomonidan oʻzaro hamkorlik boʻyicha kelishuv imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Marosimda Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, “JAKO” (“YAKO”) kompaniyasi vakili Freddi Jon Pol hamda milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Ektor Kuper ishtirok etishdi.

Umid Ahmadjonov OʻFA “JAKO” kompaniyasi bilan 3 yillik shartnoma imzolaganini eʼlon qilar ekan, nima sababdan ushbu kompaniya bilan hamkorlik qilishga qaror qilinganini aytib oʻtdi:

““JAKO” kompaniyasi jahonga mashhur kompaniyalardan biri hisoblanadi. Ushbu kompaniya endilikda turli yoshdagi terma jamoalarimiz uchun boshdan-oyoq ekipirovkalar yetkazib beradi. Eʼtiborli tomoni, milliy terma jamoamiz uchun bu kompaniya ekipirovkalarni tekinga yetkazib beradi. Ekipirovkalar 96 xil narsadan iborat. Buning ichida turli mavsum liboslari, oyoq kiyimlar va boshqa aksessuarlar bor. Tez orada “JAKO” kompaniyasining doʻkonlarini ham yurtimizda ochish rejalashtirilgan. Muxlislar terma jamoamiz liboslarini xarid qilish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Milliy terma jamoamizga yangi murabbiy olib keldik, yangi kompaniya bilan hamkorlikni boshlayapmiz. Umid qilib qolamizki, mazkur kelishuvimiz samarali boʻlib, terma jamoalarimiz xalqaro maydonlarda muvaffaqiyatlarga erishishadi”, – dedi Umid Ahmadjonov.

photo5372885722748529013.jpg

Oʻz oʻrnida “JAKO” kompaniyasi vakili Freddi Jon Pol Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlik qilishdan mamnun ekanligini bildirib oʻtdi.

Milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Ektor Kuper esa jahon bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlgan “JAKO” (“YAKO”) kompaniyasi bilan hamkorlik boshlanayotgani katta ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab, ushbu hamkorlik OʻFA hamda “JAKO” (“YAKO”) uchun manfaatli boʻlishiga umid bildirdi.

Maʼlumot uchun, “JAKO” (“YAKO”) kompaniyasi sport ekipirovkalari (libos, oyoq kiyim, aksessuarlar) va inventarlarni ishlab chiqarishga moʻljallangan kompaniya boʻlib, unga Rudi Shpryugel tomonidan 1989 yilning 1 noyabrida asos solingan.

Ayni vaqtda “JAKO” (“YAKO”) kompaniyasining 40dan ortiq mamlakatlarda filiallari mavjud. Kompaniyaning bosh binosi Germaniyaning janubi-gʻarbidagi Xollenbax okrugida joylashgan. Hozirda Avstriya, Belgii, Gollandiya, Shveysariya kabi mamlakatlarning bir qator klublari aynan “JAKO” kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi.

 

OʻzA