Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki obligatsiyalarining chiqarilishi va muomalada boʻlishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qaror Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu haqida vazirlikning “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, Markaziy bank obligatsiyalari bu – obligatsiya egasiga belgilangan muddatda foiz hisobida kuponli daromad olish huquqini beruvchi elektron shaklda chiqariladigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlar ekanligi belgilandi.
Nizomga koʻra, obligatsiyalar kreditlar uchun garov taʼminoti va RЕPO (obligatsiyalarni belgilangan muddat va narxda qayta sotib olish majburiyati bilan sotish boʻyicha ikki tomonlama harakat) bitimlarida oldi-sotdi obyekti boʻlishi mumkin.
Obligatsiyalar chiqarilishi alohida emissiya tarzida amalga oshiriladi. Har bir chiqarilgan emissiyaga oʻn belgili razryaddan (X1X2X3X4X5X6X7X8X9X10) iborat identifikatsion raqam beriladi va Global sertifikat bilan rasmiylashtiriladi.
Birinchi razryad (X1) – “2” raqami qimmatli qogʻozning turini koʻrsatadi.
Ikkinchi razryad (X2) – qimmatli qogʻozning muomala davrini koʻrsatadi:
• “1” – uch oy muddatga;
• “2” – olti oy muddatga;
• “3” – toʻkkiz oy muddatga;
• “4” – oʻn ikki oy muddatga muomalada boʻlgan obligatsiyalar uchun.
Obligatsiyalarni tijorat banklari oʻrtasida joylashtirish auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.
Auksion savdolari ikki xil usulda oʻtkaziladi:
• “amerikacha” usul – raqobatli buyurtmalar ularda taklif etilgan foizstavkalari boʻyicha qondiriladi;
• “gollandcha” usul – raqobatli buyurtmalar chegirish foiz stavkasi buyicha qondiriladi.
Obligatsiyalarni saqlash va ularga boʻlgan huquqlarning hisobini yuritish valyuta birjasida ochilgan “depo” hisobvaraqlarida olib boriladi.
Obligatsiyalar ularning muomala davri tugagan kundan keyingi ish kunida soʻndiriladi.
OʻzA