Germaniyaning Bergen shahrida joriy yilning 22-24 oktyabr kunlari Markaziy Osiyoda ekologik holat sharoitida iqtisodiy va siyosiy xavfsizlik masalalari muhokamasiga bagʻishlangan anjuman boʻlib oʻtdi.

Unda mamlakatimiz, xususan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari ham ishtirok etdi.

Tadbirda Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili Tomas Kunse hamda Germaniyaning Tabiatni muhofaza qilish xalqaro akademiyasi rahbari Torsten Xarderlar soʻzga chiqib, bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari oldida turgan dolzarb ekologik muammolar haqida toʻxtalib oʻtdi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish zarurligini qayd etdi.

Anjumanda hududdagi ekologik vaziyat – Orol muammosi, transchegaraviy suv manbalaridan oqilona foydalanish, tabiiy resurslarni boshqarish, bu borada umumiy strategiyani ishlab chiqish masalalar muhokama qilindi.

Tadbir doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori oʻrinbosari Bobur Bekmurodov “Markaziy Osiyoda mavjud muammolarni hal kilishdagi Oʻzbekistonning faol ishtiroki” mavzusida maʼruza qildi. Markaz vakili oʻz maʼruzasida Oʻzbekistonda qabul qilingan Harakatlar strategiyasining Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish yoʻnalishi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi.

 

OʻzA