Faoliyat tahlili kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Harakatlar strategiyasi, “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturi, Prezidentimizning 2018-yil 4-maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi faoliyati zamon talabi asosida yil sayin takomillashib bormoqda. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlarining viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzurida NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondlari tashkil etildi, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari masalalari boʻyicha doimiy komissiyalar tuzildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida NNTlarning hududiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda boʻsh turgan va samarali foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari negizida “NNTlar uyi”ni tashkil etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Yigʻilishda faoliyatga doir kamchiliklar, mavjud muammolar haqida aytildi. Taʼkidlanganidek, davlat boshqaruvi organlarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan davlat ijtimoiy buyurtmalari berish mexanizmi samarali ishlamayotgani muhim ijtimoiy ahamiyatga molik dolzarb muammolarni hal etishga NNTlarni kengroq jalb qilish imkonini bermayapti. Hududlarda tashkil etilgan doimiy faoliyat yurituvchi komissiyalar faoliyati qoniqarli emas. Ular oldiga NNTlar faoliyatini rivojlantirishga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlashga doir masalalar yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining eshituvlarini tashkil etish vazifasi qoʻyilgan edi. Bu jarayon hali boshlanmagan.

Parlament komissiyasi aʼzolari bu muammolarni hal qilish, tizimni tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar bildirdi. Doimiy komissiyalar faoliyatiga tizimli uslubiy yordam koʻrsatish, hamkorlik qilish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan ishlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Yigʻilishda “Sogʻlom turmush tarzini yuksaltirishda fuqarolik jamiyati institutlari faolligini oshirish, uning natijalarini OAVda keng yoritishni qoʻllab-quvvatlash” mavzusidagi qoʻshimcha davlat granti tanlovini eʼlon qilishga kelishib olindi. Mazkur davlat granti jamiyatda sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish, jismoniy tarbiya va sportni mahallalarda rivojlantirish, turli yoʻnalishlarda sport va xalq oʻyinlari musobaqalarini tashkil etish kabi oʻndan ortiq yoʻnalishlarni qamrab oladi.

Shuningdek, fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini va qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini, ularga rioya etilishini keng targʻib etish maqsadida “Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlashda jamoatchilik nazoratini yuksaltirish” mavzusida ham qoʻshimcha davlat granti eʼlon qilinadi. Har ikki tanlov uchun arizalar 2018-yil 25-oktyabrdan 28-noyabrgacha qabul qilinadi.

Yigʻilishda 2017-yilda davlat ijtimoiy buyurtmasi olgan NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining hisobotlari tinglandi.

Parlament komissiyasi aʼzolari kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlarni qabul qildi.

 

Ulugʻbek Asrorov, OʻzA