Oʻsmir olimpiadachilarimiz yuksak marralarni koʻzlamoqda

Oʻzbekiston sport delegatsiyasi joriy yilning 6-18 oktyabr kunlari Argentina poytaxti Buenos-Ayres shahrida III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etadi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasida sportchilarimizni tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Abduhakimov, Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev, Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi U.Ahmadjonov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, sportni rivojlantirish, oʻsib kelayotgan navqiron avlodni har tomonlama sogʻlom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazishga qaratilayotgan doimiy eʼtibor yuksak samaralar berayotganini taʼkidladi.

Mamlakatimizda oʻgʻil-qizlarning chuqur bilim olishi, qiziqqan sohalari boʻyicha kasb-hunar egallashi, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun qulay sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yurtimizda barcha zarur anjomlar bilan jihozlangan zamonaviy sport inshootlari qurildi. Ularda yoshlarning sport turlari bilan shugʻullanishi uchun yetarlicha shart-sharoit yaratilgan.

Bunday keng imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan navqiron avlod esa jahon arenalarida muntazam yurtimiz bayrogʻini koʻklarga koʻtarmoqda.

Sportchilarimizning bu yutuqlarga erishishida Davlatimiz rahbarining 2017-yil 9-martdagi Oʻzbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash toʻgʻrisidagi qarori muhim dasturilamal boʻlmoqda.

Buenos-Ayres shahrida oʻtkaziladigan III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasi sharafini 16 sport turida 37 nafar sportchi himoya qiladi. Mazkur musobaqaning ochilish marosimida erkin kurash boʻyicha Osiyo chempionati sovrindori Muhammadrasul Rahimov Oʻzbekiston bayroqdori sifatida maydonga chiqadi.

– Olimpiya oʻyinlari, qitʼa va jahon chempionatlari kabi nufuzli musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilish har bir sportchining orzusidir, – deydi M.Rahimov. – Argentinada oʻtkaziladigan musobaqalarda Prezidentimiz va xalqimiz ishonchini, albatta, oqlaymiz.

 

Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA