Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisida “Parij bitimini (Parij, 2015-yil 12-dekabr) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni koʻrib chiqildi va senatorlar tomonidan maqullandi. Xalqaro hujjat ratifikatsiya qilindi.
Xoʻsh, mazkur xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilishdan koʻzlangan maqsad nima? U nimaga xizmat qiladi?
Bugungi kunda iqlim oʻzgarishlari natijasida yuz berayotgan tabiiy ofatlar barchamizni oʻylantirayotgan dolzarb muammolardan biridir. Global iqlim oʻzgarishi insoniyatning hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda va jiddiy muammo sifatida jahon hamjamiyatining diqqat eʼtiborida boʻlib, dunyo mamlakatlarini xavotirga solmoqda. Uning ayanchli oqibatlarini bartaraf etish uchun zudlik bilan tegishli choralar koʻrish talab etilmoqda.
Aholining salomatligi, ekotizim, qishloq xoʻjaligi faoliyati va eng xatarlisi oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soluvchi iqlim oʻzgarishi, yaʼni havoning isishi parnik (issiqxona) gazlari atmosferada konsentratsiyasining oshishi sababli yuzaga kelmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Butunjahon meteorologiya tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, bugungi kungacha global yillik oʻrtacha havo harorati 1880 yildagi darajadan 1°C ga ortgan. Oʻzbekistonda esa xuddi shu davr uchun oʻrtacha yillik havo harorati 1,6°S ga (13,2 dan 14,8 °S ga) koʻtarildi. Yaʼni, isish jadalligi global masshtabda kuzatilayotgan oʻrtacha surʼatdan yuqori. Sababi, yurtimiz iqlim oʻzgarishi taʼsiriga koʻproq moyil mamlakatlar qatoriga kiradi.
Hozirgi kunda butun dunyoda taʼsiri sezilayotgan ushbu ekologik muammoning sababi atmosferada issiqxona gazlari miqdorining ortishidir. Bu, ekspertlar fikricha, qurgʻoqchilik natijasida suv va oziq-ovqat tanqisligi xavfining oshishiga, yil mobaynida jazirama davr davomiyligining ortishi va kuchayishi natijasida aholi oʻrtasida kasalliklarning koʻpayishiga, shuningdek, boshqa turli xavfli tabiat hodisalari – sel, toshqinlarning tez-tez takrorlanishiga olib keladi. Ekotizimlar holatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadigan iqlim oʻzgarishi muammosini jahon hamjamiyati insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri deb tan olmoqda.
Shu bois iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻsib borayotgan global tahdidlarga kompleks javob qaytarish maqsadida 2015-yil 12-dekabrda Fransiya poytaxtida oʻtkazilgan BMT Iqlim oʻzgarishi doiraviy konvensiyasi (BMT IOʻDK) tomonlari konferensiyasining 21-sessiyasida Parij bitimi qabul qilindi. U 2016-yil 4-noyabrda kuchga kirdi va 2020-yildan boshlab amalga oshiriladi. Hozirgi vaqtda Parij bitimini imzolagan 197 mamlakatdan 180 tasi ushbu hujjatni ratifikatsiya qilgan. Bitimni ratifikatsiya qilmagan mamlakatlar kuzatuvchi maqomiga ega hamda ular uchun iqlimiy moliyalashtirishdan foydalanishda cheklashlar mavjud. Uning asosiy maqsadi – 2020-yildan 2030-yilgacha issiqxona gazlari chiqarishni kamaytirish orqali global isish surʼatlarini qisqartirishdir.
2017-yil 19-aprelida BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida Oʻzbekiston Parij bitimini imzoladi. Bitimni imzolash uchun BMT IOʻDK Kotibiyatiga isiqxona gazlar tashlanmalaridagi milliy miqyosda belgilanadigan hissasini kamaytirish toʻgʻrisida hujjat taqdim etildi. 2030-yilgacha uzoq muddatli istiqbolda Oʻzbekiston Respublikasi iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash chora va harakatlarni kuchaytirishni – 2030-yilga kelib issiqxona gazlari solishtirma tashlanmalarini 2010-yildagi darajaga nisbatan YAIM birligiga 10 foizga qisqartirishni moʻljallamoqda.
Parij bitimini ratifikatsiya qilish Oʻzbekiston uchun qator manfaatlarni taʼminlaydi. Xususan, energiya samaradorligi va energiya tejash boʻyicha Davlat dasturlarini amalga oshirishda iqlimiy moliyalashtirish resurslari (asosan grantlar)ni jalb qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, yer-suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, salbiy oqibatlar (Orol fojiasi, choʻllanish, qurgʻoqchilik)ga qarshi kurashish va boshqa imkoniyatlar taqdim etadi. Bitimdagi ishtirok investitsiya resurslarini jalb qilish hamda xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlarning kreditlarini olish uchun indikator hisoblanadi.
Shuningdek, Bitimda hujjat nizomlarini amalga oshirish uchun mamlakatlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash nazarda tutilgan. Xususan, shu ma
qsadda mazkur
sohadagi loyihalar va dasturlarni moliyalash uchun Yashil iqlim jamgʻarmasi tuzildi. 2020-yilgacha uning byudjetini 100 milliard AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, Parij bitimini ratifikatsiya qilish Oʻzbekistonning umuminsoniy qadriyatlar, bitimda aks ettirilgan atrof-muhitni muhofaza qilish gʻoyalariga sodiqligini koʻrsatadi hamda Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi Doiraviy konvensiyaga aʼzo davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishgaga xizmat qiladi.