Paxta hosildorligini oshirish talablariga eʼtiborli boʻlaylik

Joriy yil bahor faslining salqin va quruq kelishi paxta yetishtirishda jiddiy muammolarni keltirib chiqardi. Natijada gʻoʻza rivoji oldingi yillarga nisbatan 15-20 kunga kechikdi. Bu esa uning parvarishiga jiddiy eʼtibor qaratishni, xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslikni taqozo etdi.
Ayniqsa, kultivatorlarni samarali ishlatish, tuproqni chuqur yumshatish, mineral oʻgʻitlar va suvdan oqilona foydalanish, biostimulyatorlarni qoʻllash, qishloq xoʻjaligi zararkunandalariga qarshi tizimli kurashish va nazorat ishlariga oʻta masʼuliyat bilan yondashishni talab etmoqda. Shunga qaramasdan joylarda bu ishlarga yetarlicha eʼtibor bermagan fermer xoʻjaliklari koʻplab uchraydi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 avgustdagi “Gʻoʻza parvarishida yuzaga kelgan murakkab vaziyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish hamda hosil qoʻshishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etishda muhim dasturilamal vazifasini bajarmoqda.
Joylarda gʻoʻza qator oralariga oʻz vaqtida ishlov berilmagani va sohada malakali mexanizatorlar yetishmasligi ham kutilgan natija bermayotganining asosiy omillaridir. Sifatsiz va oʻz muddatida bajarilmagan kultivatsiyada yoqilgʻi ortiqcha isrof boʻlib, gʻoʻzaga ham foyda bermaydi.
Mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirishda azotli oʻgʻitlar yetarlicha berilayotgan boʻlsa-da, fosforli va kaliyli oʻgʻitlar taʼminotida yetishmovchiliklar mavjudligi paxta hosilining salmogʻi va sifatini oshirishga salbiy taʼsir etmoqda. Masalan, kaliyli oʻgʻitlar gektariga sof holda 80-100 kilogramm qoʻllanilishi tavsiya etilsa ham baʼzi joylarda gektariga 10-15 kilogrammdan solinmoqda, xolos. Fosforli oʻgʻitlar taʼminoti ham 40-50 foizni tashkil etadi. Bu esa paxtaning bardoshliligi va hosildorlik kamayishiga olib kelmoqda.
Joriy yilda gʻoʻza rivojini jadallashtirish, hosildorlikni oshirish maqsadida viloyatlarda stimulyatorlarni qoʻllash boʻyicha dala seminarlari oʻtkazildi. Sifatli paxta yetishtirish uchun mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilgan biostimulyatorlar joriy etildi.
Gʻoʻza gullari ayni rivojlanish davrida sugʻorishni kechiktirmay, uning qattiq chanqashiga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Negaki, havo harorati yuqori boʻlgan davrda sugʻorish ishlari kechiktirilsa, gʻoʻza past boʻyli boʻlib qoladi, hosili, guli va tugunchalarini tez toʻkib yuboradi. Tajribadan maʼlumki, sugʻorish kechiktirilishi hisobiga hosildorlik gektaridan 4-5 sentnerga kamayadi.
Bu yilgidek suv tanqis sharoitda dalani begona oʻtlardan tozalamasdan turib sugʻorish mumkin emas. Chunki begona oʻtlar gʻoʻzaga nisbatan suvni tez va koʻp oʻzlashtirishi oqibatida gʻoʻza suvga qonmaydi, bu esa suvdan foydalanish samarasini keskin pasaytirib yuboradi. Begona oʻtlarga qarshi asosan qoʻl kuchi yordamida kurash ishlari olib borilmoqda. Joylarda begona oʻtlarga qarshi gerbitsidlarni qoʻllashga eʼtibor juda kam. Natijada chopiq ishlari ortiqcha xarajat va ogʻir qoʻl mehnati boʻlishi bilan birga, gʻoʻza koʻchati sonining kamayib ketishiga olib kelmoqda.
Gʻoʻzani chilpish ham eng muhim ishlardan sanaladi. Zero, respublikamiz paxtachiligida gʻoʻzada chilpish oʻtkazmay turib yuqori va ertagi hosil yetishtirish juda qiyin. Butadbirni maqbul muddatda sifatli bajarish orqali oʻsimlik rivojlanishini jadallashtirish, koʻsaklar ochilishini 8-10 kunga tezlashtirish, hosildorlikni esa gektariga 6-8 sentnergacha oshirish mumkin.
Maʼlumki, defoliatsiya koʻsaklar ochilishini tezlashtirish va terimni mashinada yoki qoʻlda uyushqoqlik bilan terib olishga sharoit yaratish maqsadida amalga oshiriladi. Baʼzan 80-90 foiz koʻsaklari ochilgan dalalarda ham defoliatsiya oʻtkaziladi. Qolgan 10-20 foiz paxta juda qisqa muddatda tabiiy ravishda ham ochilishi mumkin. Shuningdek, baʼzi viloyatlarda birinchi terim yakunlanib, 60-70 foiz hosil terilgandan keyin ham defoliatsiya oʻtkaziladi. Bu ortiqcha xarajat va atrof-muhitni ifloslantirishdan boshqa narsa emas. Shu bois defoliatsiya tadbiri erkin amalga oshirilishi lozim.
Paxta terimini toʻgʻri tashkil etmaslik oqibatida ham 15-20 foiz hosil yoʻqotiladi. Bu yaxshi ochilmagan dalalarda terimni boshlash, terimchilarning ishlashiga qulay sharoit yaratmaslik, paxtani chala va sifatsiz terish natijasida yuzaga keladi. Talablarga muvofiq, koʻsaklari 70-80 foiz ochilgan dalalarda terim boshlanishi, tarozi
va tirkamalar yetarlicha boʻlishi, terimchilarga issiq ovqat va boshqa sharoitlar yaratilishi lozim. Terimlar oraligʻi 10-12 kundan kam boʻlmasligi kerak.
Paxtachilikda hozirgi global iqlim oʻzgarishi davridan kelib chiqib, shunga mos ravishda agrotexnik tadbirlarning bajarilishini ilmiy asosda tashkil etish orqali yuqori natijalarga erishish mumkin. Buning uchun joylarda yuqori malakali olim va mutaxassislardan iborat maslahat markazlari tashkil etilishi, har bir muammoni joyida hal etish kabi tizimli ish yuritish tartibi yoʻlga qoʻyilishi tavsiya etiladi.
Shuhrat Abdualimov,
 
Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va
 
yetishtirish agrotexnologiyalari
 
ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri,
 
qishloq xoʻjaligi fanlari doktori.

 

OʻzA