Toshkent viloyatida naslli qoramollarni koʻpaytirish boʻyicha ilmiy markaz tashkil etiladi

Belarus Respublikasi ishbilarmon doirasi vakillaridan iborat delegatsiya Toshkent viloyatida boʻlib, viloyatning investitsion muhiti bilan tanishmoqda.
Viloyat hokimi Gʻ.Ibragimov Belorus Respublikasi Minsk shahar ijroiya qoʻmitasi raisi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda tomonlar oʻrtasida savdo-sanoat, turizm, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport sohalarida hamkorlik qilishga oid bitimlar imzolandi.
Muloqotda Belarus davlatida yogʻochdan sifatli mebel ishlab chiqarish sanoati rivojlanganligi eʼtirof etilib, tomonlar mazkur sohada hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvga erishdi. Shuningdek, chorvachilik, xususan naslli qoramollarni koʻpaytirish boʻyicha oʻzaro tajriba almashish, bu borada hamkor davlatning ilmiy markazlari bilan hamkorlikda viloyatda “Ilmiy markaz“ tashkil etish boʻyicha muzokaralar olib borildi.
Maʼlumotlarga koʻra, Belarus Respublikasi Minsk shahar delegatsiyasi vakillari 15 sentyabrga qadar viloyatda boʻlib, turizm obyektlari, qishloq xoʻjaligi, xususan paxta, baliq va kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari hamda issiqxonalar faoliyati bilan tanishadi.

 

Avazbek Xudoyqulov, OʻzA